Qonun ustuvor mamlakatda adolat qaror topadi
Mamlakatimiz sud-huquq tizimida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar prokuratura organlarini qonun ustuvorligini ta’minlab, davlat va jamiyatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan tuzilmaga aylantirdi.
Prokurorlar qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki prokurorning o‘zi yoxud sud zarur, deb topganida sudlarda ishlar ko‘rib chiqilishida ishtirok etadi. Prokurorning ishtirok etish vakolatlari va doiralari O‘zbekiston Respublikasi protsessual qonunlarida belgilab qo‘yilgan. Sudlarda prokuror boshqa qatnashchilar bilan teng huquqlardan foydalanib, sudlarning mustaqilligi va ular faqatgina qonunga bo‘ysunish prinsipiga qat’iy amal qiladi va qonuniylikni ta’minlashga yordam beradi.
Surxondaryo viloyati sudlarida ham jinoyat ishlari ko‘rilishida prokuror ishtiroki ta’minlanib, odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashmoqda. Birgina joriy yilning to‘rt oyida jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, tuman, shahar sudlarida 1 ming 354 shaxsga nisbatan ko‘rilgan 963 ta jinoyat ishida prokuror ishtiroki ta’minlandi. Shu davrda sudlar 752 ta jinoyat ishi bo‘yicha 1 ming 101 shaxsga ayblov hukmi chiqarib, 256 nafari yoki 23,3 foiziga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. 845 nafari yoki 76,7 foiziga shaxsni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jinoiy huquqiy ta’sir choralari qo‘llanildi. 199 ta jinoyat ishi taraflarning yarashgani munosabati bilan tugatildi. Apellyatsiya instansiyasida 304 shaxsga nisbatan 180 ta ish ko‘rib chiqilib, 42 nafar shaxsga nisbatan 35 ta jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari bekor qilingan, o‘zgartirilgan. Shundan 34 nafar shaxsga nisbatan 27 ta jinoyat ishi prokurorlarning protestlariga asosan qonunga muvofiqlashtirilib, samaradorlik 81 foizni tashkil etgan.
Shu o‘rinda yana bir narsani aytish kerakki, Yangi O‘zbekistonda fuqarolarni davlat organi faoliyatidan rozi qilish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash prokuratura organlarining eng asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. Bu fuqarolarning prokuratura organlariga ishonchini yanada mustahkamlab, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shunga ko‘ra, yilning o‘tgan to‘rt oyida bo‘limimiz 211 nafar shaxsdan kelib tushgan murojaatlarni hal etdi. Mazkur murojaatlarga asosan, shuningdek, sud qarorlari qonuniyligi apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida o‘rganilganda ayrim qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilganligi ham aniqlandi. Misol uchun, I.Abdullayevga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘rganilganida ehtiyotsizlik oqibatida sodir etgan jinoyati uchun uning pensiya yoshida ekani inobatga olinmasdan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Sud hukmiga nisbatan protest keltirilib, protest natijasi bo‘yicha yengilroq jazo tayinlandi. I.Toshevga oid sud hukmi o‘rganilganida unga oid jinoyat ishi bo‘yicha dalillarga to‘la baho bermasdan asossiz ayblangani aniqlanib, apellyatsiya tartibida protest keltirildi va protest natijasi bo‘yicha I.Toshev oqlandi. Shuningdek, Sh.Rayimov, J.Abduraimov, X.Azimov va B.Jovliyevlarga oid sud hukmlarida ularga nisbatan ortiqcha ayblov moddalari qo‘yilgani aniqlanib, apellyatsiya tartibida protest keltirildi. Natijada qo‘yilgan ortiqcha ayblov moddalari olib tashlanib, tayinlangan jazo yengillashtirildi.
Shunday qilib, o‘tgan yil va joriy yilning to‘rt oyida viloyat prokuraturasi organlarining protestlariga asosan 44 nafar shaxs aybsiz deb topildi. Reabilitatsiya asoslariga ko‘ra oqlanib, buzilgan huquqlari tiklandi. Tuman, shahar prokurorlarining apellyatsiya tartibidagi protestiga asosan 7 shaxs sud zalidan qamoqdan ozod etilib, 4 nafar shaxs jazodan ozod qilingan bo‘lsa, 8 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan jazo yengillashtirildi. Zero, qonun ustuvor bo‘lgan mamlakatda adolat qaror topadi. Bularning barchasi keyingi yillarda jamiyatimizda qonuniylik ta’minlanayotgani, insonparvarlik, xalqparvarlik tamoyillariga alohida e’tibor qaratilayotgani va inson manfaatlari hamma narsadan ustun, degan g‘oyaning amaldagi ifodasidir.
Abbos Roziqov,
Surxondaryo viloyati prokuraturasi jinoiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i
O‘zA