Qonun ijrosini nazorat qilish – tadbirkorlik emas
So‘nggi yillarda mamlakatimiz taraqqiyoti, iqtisodiyot rivoji, xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning ob’ektiv va sub’ektiv qiyinchiliklari bor, albatta.
Ob’ektiv qiyinchiliklar haqida gapirganda, birgina pandemiyani eslashning o‘zi kifoya... Nimasini aytasiz, bu baloga qarshi kurashish oson bo‘layotgani yo‘q...
Sub’ektiv qiyinchiliklar haqida gapiradigan bo‘lsak, bu ayrim vazirlik va idoralarning rahbarlari-yu mas’ul xodimlari, mutasaddilarning, ayrim ekspertlar, hatto olimlik unvoni-yu darajalariga ega mutaxassislarning noto‘g‘ri g‘oya-qarashlari.
Bozor romantizmiga asoslanib amalga oshirilayotgan tadbirlar jamiyatimiz hayotida ijobiy natija bermasligi aniq, buning ustiga jamoatchilik o‘rtasida ortiqcha ehtirosli bahs-munozalarga sabab bo‘lib, ayrim fuqarolarimizda islohotlarga ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otishi mumkin.
Keyingi oylarda shunday bahs-munozaralar va nosog‘lom kayfiyat uyg‘otuvchi tadbirlardan biri bu – fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlariga yo‘l harakati qoidalari buzilishi holatlarini qayd etish huquqi va qoidabuzarlardan undirilgan jarima hisobidan daromad topish imkoniyatining berilishi bo‘ldi.
Yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etish – bu fuqarolarimiz tomonidan mazkur qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish jarayonining ajralmas qismi. O‘z navbatda, ushbu qoidalar «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlash uchun qabul qilingan. Binobarin, gap qonun ijrosini nazorat qilish haqida boryapti.
Savol tug‘iladi, qonun ijrosini nazorat qilish tadbirkorlik faoliyati turlaridan biri bo‘lishi mumkinmi? Fikrimizcha, bo‘lishi mumkin emas. Zero, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga muvofiq, “tadbirkorlik – daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskor faoliyatdir”. Bunda mantiqan foyda olish muayyan tovarni sotish yoki xizmatni ko‘rsatish, ya’ni odamlarning zaruriy ehtiyojlarini qondirish yo‘li bilan olinadi.
Qoidabuzarlikni qayd etib daromad topish tadbirkorlik faoliyatining bunday mazmun-mohiyatiga mantiqan to‘g‘ri kelmaydi.
Tadbirkor uchun yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etish bilan shug‘ullanib foyda olish ham amrimahol. Chunki aholining huquqiy madaniyati oshib, qonunbuzilishlar bo‘lmasligi tarafdorimiz. Qoidabuzarliklar ko‘p bo‘lishidan moddiy manfaatdor bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining paydo bo‘lishiga, tabiiyki, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
«Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunning maqsadi yo‘l harakati xavfsizligi sohasida yuzaga keluvchi munosabatlarni tartibga solish hamda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini muhofaza etishni ta’minlashga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya etishga qaratilgan. Qonunda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul davlat organlari belgilanib, ularning vakolatlari sanab o‘tilgan. Xususan, Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi, transport vositalari, yo‘l harakati qoidalarining buzilishi hollari va yo‘l-transport hodisalari hisobini va ro‘yxatini yuritadi.
Har birimiz yo‘l harakati qoidalariga rioya etishimiz lozim. Bu qoidalarning buzilishiga hech kim, oddiy fuqaro bo‘ladimi, tadbirkor bo‘ladimi, befarq bo‘lmasdan, ularning oldini olishga, qoidabuzarlar esa qonunga ko‘ra javobgarlikka tortilishiga ko‘maklashishi lozim.
Bu fuqarolik burchimiz. Bunda, albatta, o‘z burchini ado etishda eng faol bo‘lgan shaxslar e’tirof etilishi, ma’naviy va moddiy taqdirlanishi ham mumkin. Ammo qanday bo‘lmasin, qonunga rioya etilishini nazorat qilish foyda olish maqsadidagi faoliyat bo‘lishi mumkin emas.
Xullas, mavzu yuzasidan ijtimoiy tarmoqda fikr bildirgan hamyurtlarimizdan biri aytganidek, “Bunday tadbirkorlikni to‘xtatish kerak, mayli, davlat tomonidan o‘rnatilgan kameralarga hech kim e’tiroz bildirmaydi”.
Farhod QURBONBOEV,
Iqtisod fanlari nomzodi