Qo‘ng‘irotda 1,5 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda
Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, yangi elektr ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish va “yashil” energetika ulushini oshirish muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Bu borada shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish bilan bir qatorda, energiyani saqlash hamda uni yagona elektr tarmog‘iga uzatish infratuzilmasini rivojlantirishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Shu yo‘nalishda Qoraqalpog‘istonda ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning hududga tashrifi doirasida 18-sentabr kuni Saudiya Arabistonining “Acwa” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan 1,5 GVt quvvatli Qo‘ng‘irot shamol elektr stansiyasini qurish ishlariga start berilgan. Loyihaning qiymati 2,6 milliard dollarni tashkil etadi.
Loyiha doirasida qariyb 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari quriladi. Shuningdek, 500 kV kuchlanishdagi uchta podstansiya barpo etilib, yana ikkitasi modernizatsiya qilinadi. Stansiya tarkibida 300 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, Qo‘ng‘irot shamol elektr stansiyasi MDHdagi eng yirik shamol energetikasi loyihasiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
“Acwa” kompaniyasining Qoraqalpog‘istonda amalga oshirayotgan, qurilayotgan va rejalashtirilayotgan loyihalari umumiy hisobda qariyb 2,3 GVt quvvatni qamrab oladi. Ularga taxminan 4 milliard dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Loyihalar to‘liq ishga tushgach, yiliga qariyb 8,77 milliard kVt·soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarilishi, 2,1 milliard kub metrga yaqin tabiiy gaz tejalishi va qariyb 5 million tonna CO₂ chiqindisining oldi olinishi kutilmoqda.
–Qoraqalpog‘iston “Acwa” kompaniyasining O‘zbekistondagi eng muhim investitsiya yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ishlab chiqilayotgan barcha loyihalar foydalanishga topshirilgach, kompaniyaning Qoraqalpog‘istondagi portfeli ikki barobardan ko‘proqqa oshadi.
“Qo‘ng‘irot SHES” qurilishining eng yuqori bosqichida qariyb 4 000 ta ish o‘rnini yaratadi, mahalliylashtirish hajmi esa taxminan 750 million dollarni tashkil etadi. Bu mahalliy mutaxassislar, kompaniyalar va yetkazib beruvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Kompaniya energetika sohasi uchun kadrlar tayyorlashga ham sarmoya kiritmoqda. Hozirda Qoraqalpog‘istondan 78 nafar talaba Shirin kollejida tahsil olmoqda, – deya ta’kidladi kompaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Abid Malik.
Mazkur tashkilot axborot xizmatining xabariga ko‘ra, 2030-yilga qadar Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 3,3 GVtga, “yashil” energiya ulushi esa 76 foizga yetkaziladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA