Qo‘ng‘iroq ovozi dillarni shod etdi
Orziqib kutilgan onlar keldi. Jonajon maktab yana o‘quvchilarni o‘z bag‘riga chorladi. Hamma o‘quvchilar maktab hovlisiga jam bo‘ldi. Maktab uzra davlat madhiyasi yangradi. Ko‘ksiga qo‘lini qo‘yib, viqor bilan hilpirab turgan bayroqqa termilib turgan quvnoq ko‘zlar shodlikdan chaqnaydi.
Qarshi shahridagi 29-maktabda ham o‘quv yili boshlanishi ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi. Sababi joriy yilda maktab bitiruvchilarining 70 foizga yaqini talabalik baxtiga muyassar bo‘lishdi. O‘quv yilining ilk kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida bitiruvchi sinflar hammaga o‘rnak bo‘lgan bo‘lsa, maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan 70 nafardan ziyod boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham bog‘chada yod olgan she’rlarini aytib barchani xushnud etdi.
[gallery-8657]
Birinchi qo‘ng‘iroq chalindi. Qo‘ng‘iroq jarangi borliqni tutdi. Dars boshlandi. Bugundan e’tiboran viloyatdagi mavjud 1 ming 204 ta maktabda rasman ta’lim jarayoni boshlandi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA