Qo‘mita faoliyati sarhisob qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi o‘tgan 2023 yil davomida qonun ijodkorligi faoliyati yo‘nalishida 10 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘lgan.
Qonun loyihalarini takomillashtirish hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganishda xalqaro huquqni qo‘llash amaliyoti va xalqaro huquq mezonlari fuqarolik jamiyatining boshqa instituti vakillaridan iborat bo‘lgan ekspert guruhi imkoniyatlaridan samarali foydalanilgan.
Qo‘mita a’zolari tomonidan mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan jami 13 ta deputat so‘rovi yuborilgan.
Hisobot davrida qo‘mitaning muvofiqlashtiruvi ostida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida xorijiy mamlakatlar parlamentlari, parlamentlararo hamkorlik guruhlari, xalqaro tashkilotlar hamda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillaridan iborat 65 ta chet el delegatsiyasi qabul qilingan.
Xorijiy davlatlarning qonun chiqaruvchi organlari bilan aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Oliy Majlisning Singapur Respublikasi Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi hamda Vetnam Sotsialistik Respublikasi Milliy majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi tuzilgan. Hozirgi vaqtda Oliy Majlisda jami 57 ta xorijiy davlat parlamenti hamda Yevropa Ittifoqi parlamenti bilan parlamentlararo guruhlar faoliyat yuritmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslardan qo‘mita nomiga kelib tushgan jami 300 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan va ularning aksariyati ijobiy yechim topgan.
Bular haqda qo‘mitaning 2023 yildagi faoliyati yuzasidan tashkil etilgan brifingda ma’lum qilindi. Shuningdek, unda qo‘mitaning kelgusidagi rejalari haqida ham axborot berildi.
M.Komilova, O‘zA