Qohirada O‘zbekistonning turizm salohiyati taqdim etildi
Misr poytaxti Qohira shahrida O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va misrlik sayyohlarni yurtimizga jalb etishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Umra Plyus turizmi: O‘zbekiston va Misr o‘rtasida strategik turizm hamkorligi” mavzusidagi tadbir “Umra Plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Misr hukumati, turoperatorlar, sayyohlik agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonni misrlik sayyohlar uchun nafaqat ziyorat, balki tabiat, qishki dam olish, agroturizm va milliy taomlar bilan bog‘liq sayohatlar yo‘nalishi sifatida ham tanitishdan iborat. Shuningdek, ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma turistik mahsulotlar yaratish va sayyohlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida “O‘zbekiston: tog‘lar, qor va ta’mlar” nomli taqdimot o‘tkazildi. Unda misrlik sayyohlar uchun o‘ziga xos bo‘lgan qishki dam olish va chang‘i sporti imkoniyatlari, Zomin milliy bog‘i, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining boy tabiiy merosi, milliy gastronomiya va hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning oilaviy sayohatlar uchun qulay turistik maskanlari va tashrif buyurishga arziydigan asosiy sayyohlik ob’ektlari haqida ma’lumot berildi.
Misrlik turoperatorlar e’tiboriga ikkita namunaviy sayyohlik yo‘nalishi ham havola etildi. Xususan, Toshkent, Chimyon–Chorvoq, Farg‘ona vodiysi va Samarqandni qamrab olgan sakkiz kunlik “Tog‘lar, ta’mlar va meros” hamda Amirsoy, Zomin, Aydarko‘l va Samarqand bo‘ylab tashkil etiladigan yetti kunlik “Tabiat va ta’mlar” turlari taqdim qilindi.
Tadbir yakunida misrlik turoperatorlar va jurnalistlar uchun axborot safarlarini tashkil etish, qo‘shma marketing tadbirlarini o‘tkazish, O‘zbekistonning qabul qiluvchi turoperatorlari bilan biznes uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlarni arab tilidagi reklama va axborot materiallari bilan ta’minlash taklif etildi.
Shuningdek, Misrdan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Misr Turizm federatsiyasi, “Dahab Grupp”, “Best Kontrol” tashkilotlari hamda “Umra Plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA