Qoʻshni davlatlarda ahvol qanday?
Qirgʻizistonda 6-aprel kuni COVID-19 koronavirusini yuqtirish bilan bogʻliq 69 ta yangi holat qayd etildi.
Qirgʻizistonda 6-aprel kuni COVID-19 koronavirusini yuqtirish bilan bogʻliq 69 ta yangi holat qayd etildi. Bu haqda sogʻliqni saqlash vaziri Sobirjon Abdikarimov maʼlum qildi. Ushbu holatlarning barchasi yuqtirganlar bilan muloqotda boʻlgani bois observatsiyaga joylashtirilganlarda aniqlangan.
Shifoxonalarda 202 bemor davolanmoqda, ulardan 5 nafarining ahvoli ogʻir. Respublikada 6-aprel ertalab koronavirusga chalinganlar 216 kishini tashkil qildi. Koronavirusga chalingan yana ikki kishi vafot etdi. Shu tariqa mamlakatda koronavirus infeksiyasidan vafot etganlar 4 nafarga yetdi. 10 kishi sogʻayib ketgan.
Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov mamlakatdagi koronavirus bilan bogʻliq vaziyat haqidagi avval eʼlon qilingan prognozni takrorladi.
“Boshqa mamlakatlar tajribasi kasallikning asosiy davri aprel-may oylariga, choʻqqisi aprelning birinchi yarmiga toʻgʻri kelishini koʻrsatmoqda. Shu davrda biz 3,5 ming kishining kasallikka chalinishini prognoz qilayapmiz”, – deb yozdi Birtanov Facebookʼdagi sahifasida.
Vazir Qozogʻistonning shahar va mintaqalarida koʻrilayotgan keskin karantin choralari tufayli koronavirus infeksiyasi tarqalish surʼati pasayganini qayd etgan. Uning soʻzlariga qaraganda, epidemiologlar yoz oylarida kasallik surati pasayishini kutmoqda, ammo kasallik tarqalishi toʻla toʻxtamaydi.
“Ekspertlar shu yil kuz oylarida epidemiya qaytarilishini istisno qilmayapti”, – deya qoʻshimcha qildi Birtanov.
Birtanov oʻzining yakshanba kungi postida koronavirusga chalingan bemorlar uchun 3 ming 920 ta krovat oʻrnatilgani, infeksiyani yuqtirishda gumon qilinganlar uchun 7 ming 300 ga yaqin koʻchma krovat mavjudligini maʼlum qildi. Mavjud reanimatsiya boʻlimlari 180 ogʻir bemorni qabul qilishga tayyor, 170 ta sunʼiy nafas berish, 38 ta qonni ekstrakorporal membran oksigenatsiyalash uskunasi bor.
“Mijozlar yuqumli kasalliklar shifoxonalarida ikki-uch hafta boʻlishi, shuningdek, kasallik xurujining kutilmaganda ortishini hisobga olgan holda, bizga koʻplab krovat va maxsus shifoxonalar kerakligini taʼkidlamoqchiman”, – deb yozgan vazir.
Uning soʻzlariga qaraganda, ayni damda bemorlarning 60 foizi toʻgʻri keladigan Nur-Sulton va Olmaota shaharlarida, shuningdek, Chimkentda koʻchma shifoxonalar qurilishi qisqa muddatlarda (15-20 kunda) tugatilishi rejalashtirilgan.
Tojikiston sogʻliqni saqlash vazirligi Soʻgʻd viloyati Jabbor Rasulov tuman markaziy shifoxonasida 60 yoshli bemorning oʻlganini tasdiqladi.
Xabarlarga koʻra, erkak bemor pnevmoniyadan vafot etgan. Tojikiston Sogʻliqni saqlash vazirligi bayonotiga qaraganda, u koronavirusni yuqtirmagan. Vazirlik matbuot kotibi Bibixonum Darveshzodaning maʼlum qilishicha, Jabbor Rasulov tumanida yashovchi vafot etgan erkak avvalroq koronavirusga test topshirgan, tashxis manfiy natijani koʻrsatgan.
U Jabbor Rasulov tuman markaziy shifoxonasi xodimlari karantinda ekanini tasdiqladi. Jumladan, bosh shifokor oʻrinbosari Alisher Abdukarimov tana harorati yuqori boʻlgani bois karantinga yuborilgan.
Tojikiston sogʻliqni saqlash vazirligi vakili hukumatning mamlakatda koronavirus yoʻqligi haqidagi bayonotiga shubha qilmaslikni soʻragan. Shu bilan birga koronavirus yuqtirganlikda gumon qilingan 22 bemorning testi Londonga yuborilgan.
“Biz javob oldik: testlar manfiy natijani koʻrsatdi“, degan Darveshzoda. Uning soʻzlariga koʻra, karantindagi bemorlarni davolayotgan shifokorlarning oʻzi ham qoidaga koʻra ikki haftalik karantinga joylashtirilgan.