Qiziltepalik yoshlar bilan uchrashuv
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “Nafosat” madaniyat markazida “Yoshlar forumi” doirasida “Sektor rahbarlari va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida tuman hokimi Bekzod Bobomurodov yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar, yoshlarning erishayotgan yutuqlari va kelgusidagi rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.


Bugungi kunda tumanda 14-30 yoshdagi yoshlar 33295 nafarni tashkil etib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1121 nafar yoshga turli yordamlar ko‘rsatilgan.
– Tumanimiz nomini turli yo‘nalishdagi fan olimpiadalari va sport musobaqalarda munosib himoya qilayotgan yoshlarimizga, ularning ota-onalariga, ustoz va murabbiylariga o‘zim va sektor rahbarlari nomidan minnatdorchilik bildiraman, – dedi tuman hokimi. – Sizlar va Siz kabi qariyb 34 ming nafar yoshlarimizning har biri tumanimizning faxri, iftixori. Biz barchangiz bilan faxrlanamiz.


Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlar o‘zlarining muammo va takliflarini bildirib, sektor rahbarlariga murojaat qilishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.
Uchrashuv so‘nggida yoshlarga tikuv mashinasi, averlok uskunasi, motokultivator, “Go‘zallik saloni” uchun zarur anjomlar, noutbuk berildi. Shuningdek, 5 nafar yoshning kontrakt to‘lovlarini to‘lash, 1 nafar yoshga esa davolanishi uchun yo‘llanma berishga qaror qilindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri