Qiziltepada g‘alla ekish boshlandi
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida birinchilardan bo‘lib 2027-yil hosili uchun g‘alla ekish ishlariga start berildi.
2027-yil g‘alla hosili uchun Qiziltepa tumanidagi 251 ta fermer xo‘jaligining 8 569 gektar maydonida g‘alla yetishtirish rejalashtirilgan.
“Shahboz Sherbek kelajagi” fermer xo‘jaligi dala maydonida seminar tarzida tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi Bekzod Bobomurodov, viloyat hokimining o‘rinbosari San’atilla Hikmatov, tumanda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, nuroniylar, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari hamda tegishli mas’ullar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugun qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yerdan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.

– G‘allachilik nafaqat qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i, balki xalq dasturxoni to‘kinligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda strategik ahamiyatga ega sohalardan biriga aylandi, – dedi tuman hokimi. – Shu bois bugungi kunda g‘alla yetishtirishda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, urug‘chilikni takomillashtirish hamda mehnat unumdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Agrar sohadagi islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri ham yer egasining manfaatdorligini oshirish, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va zamonaviy yondashuvlar asosida yuqori hosil olish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.

Seminar davomida yerga ilk urug‘lar sepildi. Ushbu xayrli jarayonda yoshi ulug‘ otaxonlar duo qilib, yangi mavsum barakali kelishini, hosil mo‘l bo‘lib, xirmonlar yuksalishini va belgilangan rejalar ortig‘i bilan bajarilishini tiladilar.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri