Qizilqum bag‘ridagi Madamboy ko‘li kengayib bormoqda
Buxoroning olis cho‘l hududidagi Madamboy ko‘li kelajak iqtisodiyoti va ekologiyasining yangi tayanchiga aylanmoqda. Buxoro viloyatining uzoq va sahro bag‘rida joylashgan Peshku tumani “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududi haqida keyingi kunlarda hayratomuz xabarlar tarqalmoqda. Kechagina qum barxanlari va cheksiz sahrolardan iborat bo‘lgan bu maskanda bugun ko‘z ilg‘amas darajada ulkan suv havzasi shakllanmoqda. Aholi orasida uni hatto “yangi dengiz” deb atashmoqda. Albatta, bu tabiatning tasodifiy mo‘’jizasi emas, balki inson aql-zakovati va uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan yirik gidrotexnik loyihaning samarasidir.
2023-yildan boshlab Jondor, Qorako‘l va Olot tumanlaridagi sizot suvlarini Orolbo‘yi hududlariga yetkazishga qaratilgan muhim loyiha doirasida maxsus suv yo‘li qurilishi boshlangan edi. 2024-yildan esa ushbu suvlarni Jongeldi hududida zaxira qilish ishlariga kirishildi. Natijada Qala ota qishlog‘i yaqinida qisqa vaqt ichida ulkan suv havzasi – Madamboy ko‘li vujudga keldi.
–Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “Buxoro cho‘llarida katta ko‘l yoki dengiz paydo bo‘libdi” degan xabarlar ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda, –deydi Buxoro davlat pedagogika instituti Biologiya va geografiya kafedrasi dotsenti Rashid Rahmonov. –Ammo bu hodisaning asl mohiyati nimadan iborat? Bu jarayon ortida irrigatsiya sohasi mutaxassislarining yillar davomidagi mashaqqatli mehnati mujassam. 2019-yilda Jongeldi massivining yuqori qismida joylashgan Madamboy botig‘iga suv yo‘naltirish maqsadida Madamboy kollektori orqali qazish ishlari boshlangan edi. Ushbu keng ko‘lamli ishlar 2023-yilda yakunlandi va shu yildan boshlab Madamboy kollektori orqali Jongeldi massivining yuqori qismida shakllangan Madamboy ko‘liga suv kela boshladi. Albatta, dastlabki bosqichlarda ayrim texnik va tashkiliy kamchiliklar kuzatildi.
Biroq ular tezkorlik bilan bartaraf etildi. 2026-yilga kelib esa yog‘ingarchilik miqdorining ko‘payishi, qishloq xo‘jaligida suvga bo‘lgan ehtiyojning nisbatan kamayishi natijasida Madamboy kollektori orqali kelayotgan suvning asosiy qismi botiq hududiga to‘plana boshladi. Bu esa ko‘l maydonining kengayishiga sabab bo‘ldi. Madamboy kollektori suvni qayerdan oladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ma’lumki, Qorako‘l tumani hududida qadimdan mavjud bo‘lgan Zamonbobo ko‘li bor. Ilgari ushbu ko‘lga kelib quyiladigan suvning bir qismi Porsonko‘l kollektori orqali Amudaryoga chiqarilar edi. Yangi loyiha doirasida esa ana shu suv oqimlarining bir qismi Jongeldi massivining yuqori qismiga yo‘naltirildi. Natijada cho‘l bag‘rida yangi ekologik hudud – Madamboy ko‘li shakllana boshladi.
Bu loyiha katta maqsadlarni ko‘zlagan keng qamrovli ishlarning birinchi bosqichidir. Keyingi bosqichda Madamboy ko‘li orqali Xaticha, Zikir, Devxona, Qoraqir suvlarini yig‘ib, Orol dengizi tomon yo‘naltirish rejalashtirilgan edi. Biroq bu jarayon hududning tabiiy muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi sababli ushbu bosqich amalga oshirilmaydigan bo‘ldi. Bugungi kunda esa birinchi bosqichning o‘zi katta ekologik ahamiyat kasb etmoqda. Suv bor joyda hayot uyg‘onadi. Madamboy ko‘lining paydo bo‘lishi natijasida hududda yangi flora va fauna turlari shakllanishi uchun imkoniyat yaratilmoqda. Suv manbai nafaqat tabiat uchun, balki inson hayoti uchun ham ulkan ahamiyatga ega. Ko‘l atrofida ekologik muhit yaxilanadi, yoz oylarida havo nisbatan salqinlashadi, chang-to‘zonlar kamayadi. Bu esa hududda yashovchi aholi salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, biologik xilma-xillikning ortishi tabiat muvozanatini saqlashda muhim omilga aylanadi. Kelajakda Madamboy ko‘li suv zaxiralari barqaror bo‘lgan taqdirda bu yerda baliqchilik, chorvachilik va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Turli hayvonot va o‘simlik dunyosi vakillari uchun tabiiy makon yaratiladi. Shu bilan birga, mazkur hududda ekologik turizmni yo‘lga qo‘yish, sayyohlar uchun o‘ziga xos maskan yaratish imkoniyati ham mavjud.
Kelajakda bu yerda kichik ekoturizm shaharchasini tashkil etish, tabiat qo‘ynida dam olish maskanlarini barpo qilish mumkin. Aytish mumkinki, Madamboy ko‘lining shakllanishi bu nafaqat suv manbaining paydo bo‘lishi, balki cho‘l hududlarida yangi hayotning boshlanishi demakdir. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi kabi global muammolar kuchayib borayotgan bugungi davrda bunday loyihalar tabiat va inson manfaatlarini uyg‘unlashtirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Madamboy ko‘li cho‘l bag‘rida paydo bo‘lgan oddiy suv havzasi emas, balki kelajak avlodlar uchun ekologik barqarorlik, tabiat va taraqqiyot uyg‘unligining yorqin namunasidir.

Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, kollektor-drenaj tizimlari orqali to‘yinadigan mazkur havzaga har soniyada 35 kub metr suv kelib tushmoqda. Loyiha to‘liq amalga oshirilganda bu yerda 850 million kub metr suv zaxira qilish imkoniyati yaratiladi. Ayni paytda esa 350 million kub metrdan ortiq suv jamlangan.
–Buxoro shahridan qariyb 230 kilometr uzoqlikdagi bu hudud avval qum barxanlaridan iborat edi, –deydi Peshku tumani hokimi o‘rinbosari Azamat Rajabov. –Yangi ko‘lning paydo bo‘lishi hudud iqtisodiyoti uchun katta imkoniyatlarni ochmoqda. Kelajakda sohil bo‘ylaridagi yer maydonlarini auksion orqali tadbirkorlarga berish va yangi biznes loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, Madamboy nafaqat iqtisodiy, balki ekologik ahamiyatga ham ega. Yangi suv havzasi hudud iqlimini yumshatish, qushlar va boshqa jonivorlar uchun qulay yashash muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
–Bu ko‘l ekologik muvozanatni saqlashda muhim omil bo‘ladi, –deydi Peshku tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i Savriddin Fayzullayev. –Qushlarning yangi qo‘nimgohlari paydo bo‘ladi, baliqchilik rivojlanadi. Bu esa aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari va daromad manbai demakdir.

Ayniqsa, mahalliy aholi bu o‘zgarishlarni katta quvonch bilan qarshi olmoqda. Chunki suv bor joyda hayot, taraqqiyot va farovonlik bo‘ladi.
–Qala ota qishlog‘i hududida ikki yildan buyon suv yig‘ilishi natijasida ko‘l shakllandi, –deydi “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nabira Aktasova. –Bu biz uchun katta ne’mat bo‘ldi. Ota-bobolarimiz “Suv – tinchlik va barakaning ko‘zi”, deb bejiz aytmagan. Ko‘l aholimiz uchun yangi imkoniyatlar va daromad manbaini yaratmoqda.
Yaqin istiqbolda hududda zamonaviy turizm infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida mehmonxonalar, dam olish maskanlari, ekoturizm va baliqchilik klasterlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, kelajakda mazkur hudud yiliga bir milliondan ortiq sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi hamda minglab aholining bandligini ta’minlaydi.

Bugun Jongeldidagi Madamboy ko‘li oddiy suv havzasi emas. U Qizilqum bag‘rida paydo bo‘layotgan yangi hayot manbai, yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigi va ekologik barqarorlik ramzidir. Kechagina faqat qum va shamol hukmron bo‘lgan hududda bugun suv jilvalanmoqda. Ertaga esa bu yerda baliqchilik xo‘jaliklari, turistik majmualar, yashil hududlar va farovon hayot shakllanishi mumkin.
Ehtimol, yaqin yillarda Qizilqum sahrosi bag‘rida paydo bo‘lgan ushbu ulkan ko‘l nafaqat Buxoro, balki butun mamlakatning eng diqqatga sazovor tabiiy va turistik manzillaridan biriga aylanar…
Zarif Komilov, O‘zA