Qiynoqqa qarshi nazorat qayerdan boshlanadi?
Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish demokratik davlatning eng muhim vazifalaridan sanaladi. Ayniqsa, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaga yo‘l qo‘ymaslik doimiy va samarali nazoratni talab etadi. Bu jarayonda Ombudsman institutining vakolatlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Nazoratning ta’sirchanligi, avvalo, uning kutilmagan va xolis amalga oshirilishi bilan bog‘liq. Ombudsman, uning o‘rinbosari va mintaqaviy vakillari harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga istalgan vaqtda, moneliksiz va xabar bermasdan monitoring tashriflarini amalga oshirish huquqiga ega. Bunday tartib muassasalar faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, qonunbuzilishlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish uchun muhim kafolatdir.

Monitoring jarayoni esa shunchaki kuzatuv bilan cheklanmaydi. Ombudsman saqlanayotgan shaxslar soni haqida ma’lumot oladi, ularni saqlash va muomala sharoitlarini o‘rganadi, shaxslar hamda muassasa xodimlari bilan uchrashadi. Zarur hollarda shaxslar bilan xoli, ya’ni maxfiy suhbatlar o‘tkazishi, bayonnoma va texnika vositalaridan foydalanishi mumkin. Shuningdek, shaxsni saqlash qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishadi, ulardan nusxa olish huquqiga ega bo‘ladi.
Muammoning inson taqdiriga daxldor jihati tibbiy va psixologik yordam masalasida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Ombudsman aniqlangan holatlar yuzasidan tibbiy tekshiruv o‘tkazilishini talab qilishi, psixologik yordam va boshqa zarur xizmatlarni taklif qilishi, muassasa rahbarlaridan tushuntirishlar olishi mumkin. Demak, monitoringning maqsadi holatni qayd etish emas, balki aniqlangan muammoni bartaraf etishga erishishdir.
Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar ma’muriyatining g‘ayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligiga chek qo‘yish uchun zudlik bilan choralar ko‘radi. Saqlash sharoitlari bo‘yicha xulosa tayyorlaydi, tegishli organlarga taklif va tavsiyalar kiritadi, qiynoq holatlarini bartaraf etish bo‘yicha talabnoma yuboradi. Muhimi, mazkur choralar shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarga ham tatbiq etiladi.

Nazorat samaradorligini oshirishda jamoatchilik ishtiroki ham muhim o‘rin tutadi. Ombudsman faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Ular inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda fuqarolik jamiyati institutlaridan iborat bo‘ladi. Bunda guruh a’zolarining kamida 40 foizini ayollar tashkil etishi kerak.
“Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunning 49-moddasida Jamoatchilik guruhlari a’zolari kafolatlari belgilangan. Unga ko‘ra, guruh a’zolari faoliyati davomida ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilishga majbur etilmaydi va guvohlik berishga jalb qilinmaydi. Bu kafolatlar ular guruh tarkibidan chiqqanidan keyin ham saqlanib qoladi. Jamoatchilik guruhlari faoliyati O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan va qonunchilikda belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.
Shunday qilib, qiynoqqa qarshi nazorat birgina idora yoki bir martalik tekshiruv bilan cheklanmaydi. U mustaqil monitoring, maxfiy muloqot, huquqiy va tibbiy choralar, jamoatchilik ishtiroki hamda aniq talablarni birlashtirgan yaxlit mexanizmdir. Ombudsmanning keng vakolatlari ana shu mexanizmning amalda ishlashiga xizmat qiladi.
O‘tkir Jo‘rayev,
Oliy Majlis Inson huquqlari
bo‘yicha vakili(ombudsman)ning
Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili.
O‘zA