Qisqa animatsion filmlar tomoshabinlarni maftun etdi
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Festival doirasida rejissyor va prodyuser Timur Bekmambetov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Timur Bekmambetov ijodiy faoliyati va madaniyat sohasini rivojlantirish maqsadida tuzilgan jamg‘arma haqida ma’lumotlar taqdim etdi. Uning aytishicha, fondning faoliyati ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Uchrashuvda rejissyorning fond ko‘magi bilan ishlangan, Tokioda o‘tkazilgan paralimpiada o‘yinlari ishtirokchisi hamyurtimiz Asila Mirzayorova haqidagi qisqa metrajli animatsion filmni namoyish qilindi. Ushbu kartina tomoshabinlar tomonidan yuqori e’tirof etildi.

Shuningdek, Timur Bekmambetov fondi homiyligida ishlangan rejissyor Levan Gabriadzening «Onajon, bilasizmi, men qayerdaman?» filmi, Janna Bekmambetovaning «Chik-chirik» multfilmi namoyish etildi.
Levan Gabriadzening «Onajon, bilasizmi, men qayerdaman?» filmi faqat bolalar uchun mo‘ljallanmagan. Undagi voqealar rivoji kishini idrok etishga chorlaydi.

Janna Bekmambetovaning «Chik-chirik» animatsion filmi kishini mulohazaga chorlaydi. O‘ylatadi, mushohada qildiradi. Qush obrazidagi holatlar kishini yig‘lata oladi, kuldira oladi. Kartinadagi arqon insonning umri qil ustida turgandek ma’no beradi go‘yo. Qush esa insoniyat va qushlar o‘rtasida abadiy do‘stlikka ishora. Animatsion filmda urush va tinchlik aks ettirilgan. Unda umrning o‘tkinchiligi va hayotning sinovli ekanligiga ishoralar bor. Qisqa animatsion filmlar tomoshabinlarni maftun qildi.
Kartinalar namoyishidan so‘ng, talaba-yoshlar va kinoijodkorlar o‘rtasida qizg‘in savol-javoblar tashkil etildi. Animatsion ko‘nikma va mahoratlarni boyitishga qaratilgan master-klasslar o‘tkazildi.
D. Mamatova, O‘zA