Qishloqqa haqiqatdan ham eʼtibor zarur
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumani “Qizilcholi“ mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi fuqaro Xudoyor Matyoqubov mahallasidagi kamchiliklar yuzasidan OʻzAga murojaat qilgan edi.
Bir shikoyat izidan...
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumani “Qizilcholi“ mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi fuqaro Xudoyor Matyoqubov mahallasidagi kamchiliklar yuzasidan OʻzAga murojaat qilgan edi. Aslida, bu fuqaroning takror-takror murojaatlaridan tuman hokimligining ham, qator davlat tashkilotlarining ham ensasi qotgan. Fuqaro esa “gʻirt arizachi“ga chiqarilgan.
Murojaatni oʻrganish davomida fuqaroning oʻzi bilan uchrashib, suhbatlashish imkoni boʻlmadi, chunki u poytaxtga, turli vazirlik va idoralarga oʻzi taʼkidlab kelayotgan muammolarni hal qilishda yordam soʻrab ketgan ekan. Iyun oyidan buyon uyiga kelmagan.
Fuqaro tomonidan taʼkidlangan muammolarni oʻrganish jarayonida shunga amin boʻldikki, u qisman haq. Masalan, hududdagi qishloq vrachlik punkti faoliyat yuritmayotgani haqida yozgan. Toʻgʻri, murojaat ancha oldin yozilgan. Oʻrganish davrida QVP faoliyati qayta yoʻlga qoʻyilgan, lekin hech qanday uskuna-jihoz yoʻq. Axir sharoit boʻlmasa, uning ishlab turganidan ne naf?
“Ichimlik suvimiz shoʻrsimon. Qishlogʻimizdagi vodoprovod uskunasi ishlamaydi“, deyilgan murojaat ham qisman toʻgʻri. Qishloqdagilar bosma kran orqali suv isteʼmol qilar ekan. Suvni ichib koʻrdik, shoʻrsimon taʼm sezilmadi. Aytishlaricha, qishloqning barcha joylarida suv bir xil emas, baʼzi kranlardan, darhaqiqat, shoʻr suv chiqadi. Qishloqdagi EKOS esa koʻpdan buyon faoliyatsiz qolib ketgan.
Murojaat muallifi qishloqdagi maktabgacha taʼlim muassasasi binosi 1992-yildan buyon qarovsiz qolganini taʼkidlagan. Maʼlum boʻlishicha, bu bino hozirda tuman hokimligi balansida. 3 ta binoning bittasida mahalla fuqarolar yigʻini idorasi va kutubxona joylashgan. Yana birida qishloqdagi yagona MTMning katta yoshdagi guruh bolalari tarbiyalanmoqda. Lekin maktabgacha taʼlim muassasasining ahvoli gʻoyat achinarli. Kelajak avlod vorislarini bunday joyda tarbiyalab boʻlmaydi. Binolar taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan. 9-umumtaʼlim maktabi haqida ham xuddi shunday fikr aytish mumkin. Murojaatchi ushbu maktabdagi sport zalini ishga tushirishni soʻragan. Ayni paytda sport zali ishlab turibdi. Ammo maktab binosi butkul taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan.
Hammom, avtomobillar yuvish shoxobchasi va novvoyxona qurish kabi murojaatlarga mahalla fuqarolar yigʻini kotibi Gʻayrat Qudabergenov tayinli javob bera olmadi. Chunki 4215 aholi yashaydigan mahallada birorta hammomning oʻzi yoʻq.
– Bunday loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkor topishimiz, qidirishimiz kerak, – dedi xolos Gʻ.Qudabergenov.
Murojaat muallifi qishloqda veterinariya boʻlimi, yongʻin xavfsizligi idorasi, bozorchalar qurishni soʻragan. Mutaxassislar fikricha, bular uchun qishloqda zarurat yoʻq. Veterinar vaqti-vaqti bilan tuman markazidan kelib, mollarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib ketadi. Bunga qoʻshilish mumkin. Lekin yongʻin sodir boʻlsa, oʻt oʻchiruvchilar tuman markazidan keladi, qishloq ahli biror narsa xarid qilish uchun ham tuman markaziga boradi. Bu esa 25 kilometr masofa degani. Bu oʻrinda murojaatchi haqmi yoki mutaxassislar, xulosa oʻzingizdan.
“Qishlogʻimizda ishsizlar soni koʻpaymoqda” deyilgan murojaatda. Soʻnggi maʼlumotga koʻra, mahallaning 4215 nafar aholisidan 2110 nafari mehnatga layoqatli, ishsizlar soni 141 nafar. Toʻrt mingdan ziyodroq aholining 141 nafari ishsiz boʻlishi koʻpmi-ozmi? Bunda ham xulosa oʻzingizdan.
“Hozirgi kunda yosh oilalar koʻpaygani sababli elektr energiyasiga talab oshgan. Yangi transformatorlar qurish zarur“ degan talab ham oʻrinli.
– Qishlogʻimizda transformatorlar eskirgan, quvvati yetmay qolyapti. Avtobus qatnovlari qoʻyilsa ham aholining mushkuli osonlashar edi. Kelgusi yillarda mahallamiz “Obod qishloq“ dasturiga kiritilishi rejalashtirilgan. Oʻshanda mazkur muammolarning barchasiga barham beriladi, – deydi kotib. Qachon, degan katta savol ham ochiq qolmoqda.
Umuman, bu yerning ham aksariyat boshqa qishloqlardan deyarli farqi yoʻq. Masalan, maktabgacha taʼlim muassasasi qoshidagi futbol stadionida oʻt “gurillab“ oʻsib yotibdi. Mamlakatimizda sportga alohida eʼtibor berilayotgan bir paytda ushbu stadionning bunday koʻrinishi koʻngilni xira qilishi rost.
Xulosa qilib aytganda, murojaat muallifi bildirgan eʼtirozlarning aksariyati oʻrinli.
Tuman hokimligi mazkur murojaat yuzasidan maʼlumot berdi. Unda fuqaro Matyoqubov Xudoyor Jumamurodovich tomonidan arizada koʻrsatilgan muammo va kamchiliklar atroflicha oʻrganilgani, ularni bartaraf qilish boʻyicha amaliy ishlar boshlab yuborilgani taʼkidlangan. Jumladan, qishloq vrachlik punkti faoliyatini qayta tiklash, kerakli asbob-uskunalar bilan taʼminlash boʻyicha tegishli vazirliklarga yozma murojaat qilingani, suvning tarkibi shoʻrsimon emasligi, hammom, avtomobillar yuvish shoxobchasi, novvoyxona qurish, yangi transformatorlar oʻrnatish boʻyicha ham amaliy ishlar olib borilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, murojaat egasining veterinariya, yongʻin xavfsizligi idorasi, bozorchalar qurilishini soʻrab yozgan iltimosiga “Hozirgi vaqtda mahalla ahliga shu sohalarda muammo paydo boʻlsa, tegishli masʼul xodimlar tomonidan, jumladan, veterinar belgilangan vaqtda tuman markazidan kelib, mollarni veterinar koʻrigidan oʻtkazib ketadi, yongʻin sodir boʻladigan boʻlsa, chaqiruv boʻlsa tuman markazidan kelishadi, ushbu “Qizilcholi” MFYga Kuyuk-koʻpir hamda Xitoy dehqon bozorlari 5-10 km masofada joylashgan” deb javob bergan.
Biz bu yerda qaysi tomon haq, qaysi biri nohaq ekanini taroziga solib oʻtirmadik, shunchaki, mavjud vaziyatni qogʻozga tushirdik, xolos.






