Qishloqdagi zamonaviy bog‘cha ish boshladi
Namangan viloyatining chekka hududlaridan biri – Mingbuloq tumani Alami mahallasida joylashgan 56-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti Jahon banki dasturi doirasida tubdan yangilanib, kapital rekonstruksiyadan chiqarildi.
Loyihani amalga oshirish uchun 4,4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Qurilish ishlari “Binokor imkon dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qisqa fursatlarda o‘z muddatida bajarildi.

Ta’mirlash jarayonida bog‘cha binosining tashqi va ichki qismi to‘liq yangilanib, zamonaviy me’yorlarga mos ta’lim muhiti yaratildi. Maskan mebel, texnika va bolalar uchun zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Zamonaviy va ko‘rkam qiyofa kasb etgan bog‘chaning ochilishi alamiliklar uchun katta shodiyonaga aylandi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov mamlakatimizda markazdan olis hududlarda ham bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari izchil olib borilayotgani, buning yorqin misoli chekka bir qishloq misolida o‘z ifodasini topayotganligini ta’kidladi.


Ramziy lenta kesilib, yig‘ilganlar yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti binosida bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Darhaqiqat, chekka mahallada barpo qilingan 180 o‘rinli bolalar bog‘chasining zamonaviy ko‘rinishi va imkoniyatlari barchada havas uyg‘otishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.