Qishloqda xususiy klinika ish boshladi
Jizzax viloyatining eng olis hududida – Forish tumanidagi Mixin qishlogʻida xususiy klinika ish boshladi.
Jizzax viloyatining eng olis hududida – Forish tumanidagi Mixin qishlogʻida xususiy klinika ish boshladi. Aholiga zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatishga moʻljallangan “Mariyam med” xususiy klinikasini sobiq qishloq vrachlik punkti binosini investitsiya kiritish sharti bilan nol qiymatda olgan yosh tadbirkor Madinabonu Ergasheva barpo etdi.
Tadbirkor oʻz mablagʻi va “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasining 60 million soʻmlik imtiyozli krediti hisobiga inshootni rekonstruksiya qilib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozladi.
Tumandagi qishloqlar tarixidagi dastlabki xususiy tibbiyot muassasasi 12 oʻringa moʻljallangan. Muassasada 8 nafar tibbiyot xodimi ishlayotir.

– Klinikamizda bemorlar asosan tabiiy giyohlardan foydalanilib, fizioterapevtik usulda davolanadi, – deydi Madinabonu Ergasheva. – Giyohli kedrbochkasi, parafin, xidjama, giyohli suv vannasi, elektrofarez, balchiq bilan davolash usullarini yoʻlga qoʻyganmiz. Fitobar ishlab turibdi.
Klinika ochilishiga bagʻishlangan marosimda ishtirok etgan hokimlik, sogʻliqni saqlash idoralari, jamoat tashkilotlari vakillari, qishloq ahli yangi tibbiyot muassasasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Marosim qatnashchilari olis qishloqda dastlab tashkil etilgan xususiy tibbiyot muassasasida shaharlardagi kabi sharoitlar yaratilganligini eʼtirof etdi.
Qishloqning eng xushmanzara hududida, Bogʻdon Qoraabdol avtomobil yoʻli boʻyida joylashgan muassasada bemorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Muassasaning turli mevali va manzarali daraxtlarga, gullarga burkangan keng hovlisi yozning issiq kunlarida ham soya-salqin.