Qishloq xo‘jaligida suv tejamgorligi o‘z samarasini bermoqda
Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, yangi texnologiyalarni joriy etishga muhim e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatdagi 367 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarni yillik suv iste’mol hajmi 3,9 milliard m kubni tashkil qiladi. Bu yil 2249 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari, 40,6 kilometr kanallar betonlashtirildi, 41,5 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Suv xo‘jaligi ob’ektlariga 1548 dona “Aqlli suv”, 424 dona “Dayver” qurilmalari o‘rnatildi, 6 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ekti avtomatlashtirildi.
Respublika byudjetidan ajratilgan 17 milliard so‘m mablag‘ doirasida 15 kilometr uzunlikdagi “Xonobod vetka” tumanlararo kanali betonlashtirildi. O‘tgan asrning ellik uchinchi yillarida qurib ishga tushirilgan kanal Yozyovon, Qo‘shtepa va Toshloq tumanlaridagi 8,5 ming gektar ekin maydonlarini sug‘orishga xizmat qiladi. Kanalni mavsumiy suv olish imkoniyati 6-8 metr kub bo‘lib, suvdan foydalanish davrida o‘rtacha 1,5-2 metr kub, ya’ni 30-35 foiz suv yo‘qotilgan. Kanalni betonlashtirish natijasida 15,5 million metr kub suv iqtisod qilinib, qo‘shimcha 2,5 ming gektar yer maydonlarini suv bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi, suv oqimi tezligi 5 barobarga oshdi.
– Prezidentimizning joriy yil 7 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv va energiya manbalaridan oqilona foydalanish hamda yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda oldimizda turgan muhim masalalar, muammo va ularning yechimlariga alohida e’tibor qaratish muhimligini ko‘rsatib berdi, – deydi “Sirdaryo-So‘x” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zuhriddin Orifjonov. –Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish ikkinchi bosqich loyihasi doirasida joriy yilda 2 million AQSH dollari o‘zlashtirilib, Quvasoy shahri hamda Farg‘ona tumanida xo‘jaliklararo 4 ta kanallarning 25,6 kilometr qismi betonlashtirildi.
Natijada 38 million metr kub suv iqtisod qilinib, 8,2 ming gektar yer maydonlarini suv ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, 1420 km ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish borasida amaliy ishlar olib borilyapti. Buning hisobiga 134 million metr kub suv iqtisod qilinadi, 43 ming gektar maydonni suv ta’minoti yaxshilanadi. Fermer xo‘jaliklarini ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish bo‘yicha barcha tumanlarda shtab tashkil qilinib, kerakli ishchi kuchi, texnikalar bilan ta’minlandi. Oxirgi ikki yilda yerlarni lazerli tekislash ishlariga katta e’tibor qaratilib, fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan 61 ta lazerli yer tekislagichlar sotib olindi, kelgusi yilda yana 110 ta ana shunday zamonaviy texnikalar olib kelish rejalashtirilgan.
Joylarda “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilindi. Natijada suvni aniq hisobini yuritish, iste’molchilarga belgilangan limitlar asosida o‘z vaqtida yetkazib berish tartibi yo‘lga qo‘yildi.
M.Sulaymonov, O‘zA