Qishloq xo‘jaligi texnikalari ko‘rgazmasi
Nukusda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalariga bag‘ishlangan ko‘rgazma-seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari S.Xojametov, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari B.Karimov va boshqalar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish va sohani zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil olish, tarmoqni ilg‘or usullar asosida rivojlantirishda sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashina-traktor parklarini zamonaviy texnika va agregatlar bilan ta’minlash muhim o‘rin tutadi. Mahalliy qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy texnikalarni agro klasterlarga va fermer xo‘jaliklariga lizing asosida yetkazib berishda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati munosib ulushini qo‘shib kelmoqda.
Shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tgan yil 43 milliard so‘mlik texnika lizing asosida yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yilda 148,8 milliard so‘mlik 457 dona yoki o‘tgan yilga nisbatan qariyb 4 barobar ko‘p texnika yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
[gallery-995]
Mazkur loyihalarni moliyalashtirish uchun Moliya vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligini Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 180 milliard so‘m, tijorat banklari va xorijiy kredit liniyalari hisobidan 570 milliard so‘m mablag‘ jalb qilinadi.
Joriy yilda jamiyat faoliyatiga xorijiy investitsiyalar (kredit, qarz, grant va boshqalar) jalb qilish uchun yirik to‘rtlik (Big Four) xalqaro audit kompaniyalarining biridan xalqaro audit standarti bo‘yicha ijobiy xulosa olish rejalashtirilgan.
– Tadbirda mahalliy qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan 40 dan ziyod zamonaviy texnika va texnologiyalar namoyish etilmoqda, – deydi “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Burxon Karimov. – Avvallari faqat paxtachilik va g‘allachilik xo‘jaliklari uchun texnikalar olib kelinadigan bo‘lsa, endilikda bog‘dorchilik, tokzor, chorvachilik, aholi tomorqa xizmatlari hamda sholichilik sohalariga texnikalar hamda suv tejovchi texnologiyalar yetkazib beriladi. Maqsad – agro klasterlar va fermer xo‘jaliklari mushkulini oson qilishga ko‘maklashish.
– Texnika – fermerning qo‘l-qanoti, – deydi Beruniy tumanidagi “Almaz” fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Yakubov. – Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi zarur texnikalarni shu yerning o‘zida xarid qilish imkoniyatini beradi. Bu yerda namoyish etilayotgan yuqori unumli haydov traktorlari fermerlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Tadbir doirasida qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizing asosida yetkazib berishning afzalliklari, bu borada hukumatimiz tomonidan belgilangan imtiyozlar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA