Qishloq xo‘jaligi merosi tizimlari – barqaror rivojlanish uchun muhim resurs
Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda jahon miqyosidagi qishloq xo‘jaligi merosi tizimlarini joriy qilish” loyihasining yakuniy seminari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha O‘zbekistonda an’anaviy qishloq xo‘jaligi merosi tizimlarini aniqlash, ularning madaniy, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini baholash hamda xalqaro darajada e’tirof etish bo‘yicha milliy salohiyatni mustahkamlashga qaratildi.
FAOning O‘zAga ma’lum qilishicha, loyiha doirasida O‘zbekistonning ilk taklifi – “Farg‘ona vodiysi gavhari: Farg‘ona mintaqasida pillachilik va boshqa an’anaviy qishloq xo‘jaligi amaliyotlari” ishlab chiqildi.
Taklifda Farg‘ona vodiysining pillachilik, ipakchilik, an’anaviy dehqonchilik, hunarmandchilik, agrobioxilma-xillik, gastronomiya va madaniy meros bilan chambarchas bog‘liq yaxlit qishloq xo‘jaligi tizimi sifatidagi ahamiyati yoritildi.
Xususan, Marg‘ilonning pillachilik va an’anaviy ipak to‘qish amaliyotlari mahalliy bilimlar, oilaviy mehnat, hunarmandchilik an’analari va qishloq aholisi daromad manbalari bilan uzviy bog‘liq noyob meros sifatida ko‘rib chiqildi.
Yakuniy seminarda ushbu taklifning asosiy mazmuni, hududiy chegaralari, loyiha mezonlariga muvofiqligi va keyingi bosqichlari muhokama qilindi.
“Farg‘ona vodiysi gavhari” hududi ma’muriy chegaralar bilangina emas, balki ijtimoiy-gidrogeologik yondashuv asosida – Quva, Qo‘shtepa, Oltiariq, Toshloq, Farg‘ona va Yozyovon tumanlari hamda Marg‘ilon, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarini qamrab oluvchi yagona agroyekologik makon sifatida ko‘rib chiqildi.
Seminarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi merosi tizimlarini milliy darajada qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Milliy ahamiyatga ega qishloq xo‘jaligi merosi tizimlari konsepsiyasini joriy etish, shuningdek, kelgusida boshqa hududlarning an’anaviy qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini o‘rganish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Jumladan, Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida kishmish yetishtirish tizimini o‘rganishni boshlash masalasi keyingi yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.
– Qishloq xo‘jaligi merosi tizimlari nafaqat tarixiy va madaniy qadriyat, balki bugungi barqaror rivojlanish uchun ham muhim resursdir, – dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Farg‘ona vodiysining pillachilik va an’anaviy qishloq xo‘jaligi amaliyotlari mahalliy bilimlar, bioxilma-xillik, hunarmandchilik va qishloq aholisi turmush tarzi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan tirik merosdir. Ushbu tashabbus O‘zbekistonning noyob qishloq xo‘jaligi tizimlarini xalqaro darajada e’tirof etish va ularni kelajak avlod uchun saqlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
– Marg‘ilon pillachilik va ipakchilik merosi, shuningdek, hududdagi boshqa an’anaviy dehqonchilik amaliyotlari xalqimizning ko‘p asrlik tajribasi va tabiat bilan uyg‘un yashash madaniyatini namoyon etadi, – dedi qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov. – Loyiha doirasidagi ushbu ishlar milliy qishloq xo‘jaligi merosimizni tizimli o‘rganish, targ‘ib qilish va xalqaro miqyosda ilgari surishga xizmat qiladi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA