Qishki ta’til: o‘quvchilar sayohat qilmoqda
Joriy yilning 2-10 yanvar kunlari “Yoshlar turizmi haftaligi” deb e’lon qilingan. Haftalik doirasida “Yangi yilda – Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” shiori ostida o‘quvchilarning qishki ta’tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida Jizzax viloyati o‘quvchi-yoshlarining sayohatlari tashkil etilayotir.
Viloyatning shahar va tumanlarida ta’lim oluvchi “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari, nogironligi bor o‘quvchilar, shuningdek, viloyat, tuman va shahar miqyosidagi fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan o‘quvchi-yoshlari Jizzax bo‘ylab sayohati qilmoqda.

Baxmal, Do‘stlik va G‘allaorol tumanlarining o‘quvchi-yoshlari ushbu sayohat davomida Jizzax shahridagi Yunus Rajabiy nomidagi viloyat musiqali drama teatrida “Olmos botir va uning Yangi yil sarguzashtlari” deb nomlangan spektaklni tomosha qildi.
So‘ng ular viloyat markazining bosh maydonida o‘rnatilgan Yangi yil bayram archasi atrofiga jam bo‘lib, Qorbobo, Qorqiz va boshqa ertak qahramonlari, san’atkorlar ishtirokidagi bayram dasturidan bahramand bo‘ldi.

Shuningdek, o‘quvchi-yoshlar sayohat davomida Jizzax shahrida joylashgan atoqli adib va shoirlar Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim, davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov muzeylarida bo‘lib, u yerda ko‘plab tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Keyingi manzil G‘allaorol tumanida joylashgan Sa’d Ibn Abu Vaqqos ziyoratgohi bo‘lib, bu yerda o‘quvchilarga hikoya va rivoyatlar so‘zlab berildi.

Sayohat tadbirlarida Baxmal va G‘allarol tumanlaridan 300 nafardan, Do‘stlik tumanidan 150 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi.
Qishki ta’til vaqtida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida “Yangi yilda – Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” shiori ostida tashkil etilayotgan o‘quvchi-yoshlar sayohatida viloyatning boshqa shahar va tuman o‘quvchi-yoshlari ham ishtirok etadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA