Qish ziynati tog‘larda yaqqol seziladi (+video)
Sayohat manzillari
Qish ziynati tog‘larda yaqqol seziladi. Ayniqsa, tizza bo‘yi qorda yurib, yovvoyi tabiatni kuzatishning zavqi o‘zgacha. Xo‘sh, bunday manzarani qayerda kuzatish mumkin. Albatta, Qashqadaryo viloyatining tog‘li hududida joylashgan “Hisor” davlat qo‘riqxonasida. Bu gal qo‘riqxonaning Tanxozdaryo bo‘limiga borishni maqsad qilib tong qorong‘usida yo‘lga otlandik. Yovvoyi tabiatning bunday manzaralarini bir marta bo‘lsa-da, yaqindan ko‘rishni istamagan odam bo‘lmasa kerak.
Ketayotganimizda shahar osmonida yulduzlar charaqlab turardi. Ammo toqqa ko‘tarilarkanmiz, yo‘limiz asta- sekin qorli yo‘llarga tutashdi.
Hamrohlarimiz qo‘riqxonaning Tanxozdaryo bo‘limi xodimlari edi. Ularning ortidan yengil mashinada Shahrisabz tumanidagi Qoratut qishlog‘iga qadar birga borib, shu yerda maxsus “Niva” mashinasiga o‘tirdik. Qo‘riqxonaga yaqinlashar ekanmiz, muzlagan yo‘llar bizni qarshi oldi. Harakatlanish og‘ir edi. Qalin qor uyumi ostidagi muz qoplagan yo‘lning bu qismidan o‘tishda tavakkal qilib bo‘lmasdi.
Qo‘riqxona xodimlari har qanday vaziyatga tayyorligiga shu yerda guvoh bo‘ldik. Ular tezda muzlagan yo‘lni tozalashga kirishdi. Biz esa to‘xtab atrofdagi go‘zallikni fototasvirlarga muhrladik.
Muzlar ostidan oqayotgan jilg‘a, uzoq vaqt turib qolganidan chang- g‘ubor tushib rangi kulrang tusga kirib qolgan qor uyumlari, qorlar ostidan o‘ziga ozuqa qidirayotgan chumchuqlar, qorni doim sog‘inib yashaydigan qarg‘alarning shoxdan-shoxga salobat bilan o‘tishi, Tanxozdaryoning shovullab oqishi, qoyalardan tomchilay-tomchilay muzlab qolgan sumalaklar barcha-barchasi kishiga zavq beradi. Muzlagan tomchilardan ustalik bilan foydalangan ona tabiatning bu ijodkorligi ko‘ngligizda haqiqiy qishning ziynatini his ettirmasdan qolmaydi.
Amallab xavfli hududdan o‘tib oldik va qo‘riqxona xodimlari “kardan” deb ataydigan qo‘riqchilar uyida to‘xtadik. Shu yerda o‘zimiz bilan olib kelgan qalin kiyim-boshlarni kiyib tog‘ tomon yo‘naldik. Yo‘l- yo‘lakay qo‘riqxona xodimlari bizga hudud haqida, uning hayvonot olami xususida so‘zlab borisharkan, biz ham tevarak -atrofga sinchkovlik bilan nazar tashlaymiz. Xuddiki, qalin archalar orasidan yoki baland cho‘qqilar ortidan biror jonzot bizni kuzatayotgandek sergaklanamiz.
Bu yerlarda tog‘lar ham, o‘simlik va hayvonot dunyosi ham asl holda saqlangan. Qo‘riqxona xodimlari tabiatning aslligini saqlash uchun kechayu kunduz nazorat qilishadi. Tobora ichkarilab borarkanmiz, birorta jonzotni ko‘rmaymiz, go‘yo bizning kelishimizni bilib hamma hayvonlar yashirinib olgandik, ammo qorda qolgan yangi izlar ularni fosh qilib qo‘yishardi. Qo‘riqchilarning ta’kidlashicha, biz kelishimizdan salgina avval bu yerdan yovvoyi cho‘chqa yemish izlab daryo bo‘yiga tushgan va xavf- xatarni sezgach bo‘talar orasiga yashiringan.
[gallery-15806]
Dengiz sathidan 3000 metr balandlikda joylashgan Tanxozdaryo bo‘limi flora va fauna olamining boyligi bilan boshqa bo‘limlardan ajralib turadi. Ularni asrash, ilmiy jihatdan o‘rganib borish uchun xodimlar tomonidan doimiy nazorat ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
– Hozir “Hisor” davlat qo‘riqxonasining Tanxozdaryo bo‘limi, Qasqabuloq og‘zida dengiz sathidan 2 ming 800 metr balandlikda turibmiz, – deydi qo‘riqxonaning ilmiy xodimi Behruz Begaliyev. – Hozirgi kunda Tanxozdanyo bo‘limida qo‘riqlash xodimlariga 20 dona fotoqopqon berilgan. Ular dengiz sathidan 3 mingdan 3 ming 800 metr balandlikkacha bo‘lgan joylarga qo‘yiladi. Bu esa qo‘riqxona hududidagi hayvonot dunyosini aniqlash va ularni muhofaza qilishda katta yordam bermoqda. Bu yerda qor qoploni, tyan’shan qo‘ng‘ir ayig‘i, turkiston silovsini, sibir tog‘ echkisi, yovvoyi to‘ng‘iz, kaklik va boshqa hayvonlar fotoqopqonga doimiy ravishta tushib turibdi. Qo‘riqxonaning baland tog‘larini qalin qor qoplasa, biotexnik tadbirlar o‘tkazamiz. Ya’ni hayvonlar qishdan eson- omon chiqishi uchun qo‘riqlama zonalarga dag‘al xashaklar tarqatamiz. Qushlar uchun don to‘kamiz. Kon tuzi qo‘yib chiqamiz.
Yuqoriga ko‘tarilgan sayin tabiat o‘zining chiroyini ochib, ulkan tog‘lar yaqinlasha boshlaydi. Hatto bulutlar ham purviqor tog‘lar cho‘qqiqlaridan pastroqda ko‘rinadi. Qor sathi esa balandlashib boradi. Qo‘riqxona boshlanishida oyoq kiyimning ustiga zo‘rg‘a chiqayotgan qor uyumlari bu yerda tizzalarga urib qoladi. Yurish qiyinlashgani bois, bir-birimizning izimizdan yuramiz. To‘xtab dam olamiz. Qo‘riqchilar durbinida yanada olislarga boqamiz.
– Qo‘riqxonaning umumiy yer maydoni 20 ming 233 gektarni tashkil qiladi, – deydi qo‘riqxonaning Tanxozdaryo bo‘limi qo‘riqlash xodimi Ruhiddin Norov. – O‘rmonchilar uyidan chiqqanimizdan so‘ng o‘ng tomonda Kurkaloy soyidan o‘tdik. Undan Novaterak soy, keyingisi Qumlik soy, so‘ng Javzaqo‘noqsoy. Hozir turganimiz Gandagramsoy. Bu soyga kelganimizda yovvoyi hayvonlarning izlarini ko‘rdik. Ozroq yursak, o‘zini ham ko‘rishga muyassar bo‘lamiz. Biz sarhadlarni aylanganimizda sibir tog‘ echkilarini 50-100 metr masofadan ko‘rganmiz. Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘iga 10-15 metr yaqin kelib qolgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Yovvoyi cho‘chqalarni har joyda ko‘rish mumkin. Xullas, qo‘riqxonamizda 36 turdagi “Qizil kitob”ga kiritilgan o‘simlik turlari, 12 turdagi hayvonlarni uchratish mumkin. Masalan, sibir tog‘ echkisi qish paytlarida ozuqa izlab pastroqqacha tushib keladi. Kiyiklarni ham. “Qizil kitob”ga kiritilgan yovvoyi qor qoplonini ham uchratish mumkin. Tabiatning o‘z qonun- qoidalari bor. Yovvoyi hayvonlar yashash uchun doim kurashadi. Qahraton sovuqlarga qaramasdan o‘zini himoya qiladi. Biz qo‘riqchilar esa hududni tashqi omillardan qo‘riymiz. Brokonerlarga qarshi kurashamiz.
Hududda o‘rnatilgan fotoqopqonlar orqali butun qo‘riqxona yovvoyi hayvonlar olaminining yashash tarzi, ular populatsiyasi muntazam kuzatib kelinmoqda. Bu jarayonlar kunu tun nazoratchilar e’tiborida bo‘lib, hayvonlarni kuzatish bo‘yicha yaxshi natijalarga erishib kelinmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wFHLQiM69ys" title="Qish ziynati togʻlarda yaqqol seziladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>– Fotoqopqonlarni asosan dengiz sathidan 3,5 ming metr balandlikdagi joylarga joylashtirimiz, – deydi qo‘riqlash xodimi Jamshid Berdaliyev. – Birinchi navbatda hayvonlar yuradigan yo‘llarga e’tibor qilamiz. Izlari qor yoqqanda qorda, yomg‘ir yoqqanda loyda, quruqchilikda tuproqda qoladi. Keyin o‘sha yo‘ldagi toshlarga o‘rnatamiz. O‘shandagina biz aytgan maqsadimizga erishamiz. Masalan, qor qoploni, sibir tog‘ echkilari, to‘ng‘iz, jayra, silovsin kabi hayvonlarni ko‘pincha uchratish mumkin. Batareyalarini quvvatlab kelamiz. 6 oygacha zaryadi yetadi. Kelib tekshirib, batareyalarini almashtirib ketamiz. Bunda ularni muhimi qimirlamaydigan joylarga o‘rnatish kerak. Chunki u harakat bo‘lganda tasvirga olaveradi. Maysalar qimirlasa ham olaveradi. Natijada quvvati tez tugab qolishi mumkin. Shu bois toshlarga qimirlamaydigan qilib qotirish kerak.
Biz ham xodimlarga hamrohlik qilib, navbatdagi fotoqopqonni o‘rnatish jarayonida ishtirok etdik.
– Tanxoz daryo bo‘limida 9 nafar nazoratchi faoliyat olib boradi, – deydi qo‘riqxonaning Tanxozdaryo bo‘limi qo‘riqlash bosh mutaxassisi Abdulaziz Xudoyqulov. – Qishning sovuq va qalin qor yoqqan paytlarida hududni aylanib chiqish qiyinlashadi. Shu bois o‘rmonchilar uyidan 20 kilometr yuqorida qishlik palatkamizni o‘rnatganmiz. Unda qishda dam olish va isinish uchun barcha sharoit bor. Qo‘riqlash xodimlarining asosiy ishi brokonerlikka qarshi kurashish. Otda va piyoda yurib har bir hududni qo‘riqlaydi. Bu bo‘limda yovvoyi hayvonlar ko‘proq uchraydi. Kechgacha palatkaga yetib kelaolmasak, tosh taglarida sandal qilib qolinadi.
Rost, hududni bir marta aylanib yana ortga qaytish uchun bir kun yetmaydi. Shu bois qo‘riqchilar o‘rtalik masofaga palatkalar tikishadi va unda vaqti-vaqti bilan dam olib isinishadi. Nazoratchilar palatkasida biz ham bir oz tin oldik. Giyohlar aralashtirib damlangan choydan ichib, archa shox-shabbalaridan yoqib, qizitilgan pech yonida hordiq chiqardik.
Albatta, fotoqopqonlarga tasvirga tushib qoladigan jonzotlarni ko‘rish biz uchun ham qiziq jarayon edi. Biroq xodimlar bu uchun ancha vaqt kerak bo‘lishini, yovvoyi hayvon inson sharpasini sezishi bilan o‘zini ko‘rsatmasligini aytgach, bu fikrimizdan qaytdik. Bir tomondan tog‘dagi manzara, oyog‘imiz ostidagi qalin qorlar zavqimizni keltirsa, boshqa tomondan sovib kelayotgan havo, qordan daraklayotgan osmonning avzoyi ertaroq qaytishimizga ishora qilayotgandek edi. Qorli so‘qmoq bo‘ylab kelgan yo‘limizdan ortga qaytdik. Tog‘da qolgan nazoratchilar qishi go‘zal bo‘lgan bu tog‘larning bahori bundan-da chiroyli bo‘lishini aytib, yana kelishimizga undashdi. Garchi yovvoyi hayvonlarni ko‘zimiz bilan ko‘ra olmagan bo‘lsak-da, hududda o‘tkazgan onlarimiz va ko‘rganlarimiz bizda katta taassurot qoldirdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (video, surat), O‘zA muxbirlari