Qish mavsumiga tayyorgarlik o‘rganildi
Transport prokurori I.Narimov rahbarligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatida “Energetika xavfsizligi oyligi” doirasida kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, jismoniy va yuridik iste’molchilarni yoqilg‘i-energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash hamda yo‘l qurilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganmoqda.
Jumladan, Transport prokurori rahbarligidagi ishchi guruh Yangiobod tumanidagi o‘rganish jaryonida ijtimoiy soha ob’ektlariga borib, binolarni isitish tizimining ahvoli, ko‘mir zaxiralarining mavjudligi, umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga va tuman tibbiyot birlashmasida bemorlarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Yuzaga kelgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan shtab a’zolariga zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ishchi guruh Jizzax viloyatida Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.
Jumladan, Jizzax shahridagi Islom Karimov shoh ko‘chasidan M39 “Toshkent – Termiz” avtomagistral yo‘liga chiqish uchun yangi yo‘nalishdagi 4 kilometrlik avtomobil yo‘li va 700 pogonametrli yo‘l o‘tkazgich qurilishining borishi, Do‘stlik tumanidagi 4R35 “Jizzax – Paxtakor – Do‘stlik – Gagarin" yo‘nalishi ko‘prigida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
[gallery-20422]
Ushbu ob’ektlarda qurilish ishlarini jadallashtirish, sifatli va talab darajasidagi qurilish materiallarini ishlatish, davlat dasturini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, loyiha doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA