Qish mavsumi betalofat o‘tadi
Fotoreportaj
Namangan viloyati Pop tumani markazidan olisdagi Chorkesar, Madaniyat, Imomota aholi manzilgohlarida ko‘chma savdo va xizmat ko‘rsatish ishlari tashkil etildi, aholiga ko‘mir, suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi.
Aholi talablaridan kelib chiqqan holda ishga talabgorlar ro‘yxatini shakllantirish boshlandi. Yaqindagina ish boshlagan «Chodak ekvatorial teks» korxonasi tomonidan maxsus avtobus tashkil etish masalasi haqida ham kengashib olindi.
Shuningdek, chorva boqish istagidagi fuqarolarga o‘ntadan echki berildi. Bu jarayonda mahalladagi lider tadbirkorlar aholiga bepul, o‘zaro kelishuv asosida chorva tarqatadi.
[gallery-5396]
Viloyatning Yangiqo‘rg‘on tumanida ham aholining kayfiyatini ko‘tarish, qishning sovuq kunlarini betalofat o‘tkazib olishlarida ko‘maklashish, zarur oziq-ovqatlar bilan uzluksiz ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Unga ko‘ra, tumanning chegara hududi hisoblanmish «Oqtom» mahalla fuqarolar yig‘ini aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida hokimlik tomonidan un, suyultirilgan gaz ballonlari, ko‘mir va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
bugungi kunda Oqtom mahallasidagi 300 xonadonda 1600 nafar fuqaro istiqomat qilmoqda.
– Qishlog‘imiz tumanning eng chekka, chegara hududida joylashganligi bois oziq-ovqat, yoqilg‘ini keltirish masalasi biroz qiyinchilik tug‘dirishi sir emas, - deydi fuqarolardan biri Tolibjon To‘ychiyev. – Tuman hokimligi mutasaddilaridan minnatdormiz. Uzog‘imizni yaqin qilib, xonadonimizga yaqin joyda oziq-ovqat va yoqilg‘i mahsulotlari yarmarkasini uyushtirib berdi. Ham mablag‘imiz, ham vaqtimiz tejaldi.
Hotam MAMADALIEV(surat), O‘zA