Qish dasturxoni ham to‘kin bo‘ladi
Navoiy viloyatida qish-bahor mavsumida aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, oziq-ovqat zaxirasini to‘ldirish hamda bozorda narx-navoning barqaror bo‘lishi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Navoiy viloyatida qish-bahor mavsumida aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, oziq-ovqat zaxirasini to‘ldirish hamda bozorda narx-navoning barqaror bo‘lishi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.Viloyat hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mavsumda 19 ming 200 tonna asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 17 ming 715 tonna mahsulot zaxirasi yaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi “2011-2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatda mavjud ombor va sovutkichli kameralarni shay holatga keltirish hamda modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatda umumiy sig‘imi 500 tonna bo‘lgan ikkita yangi sovutkichli kamera tashkil etildi.
Ayni paytda viloyatda hajmi 16 ming tonnaga teng sovutkichlar va 10 ming 400 tonna sig‘imdagi omborda mahsulotlar sifatli saqlanmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini jamg‘arishda tayyorlov-savdo korxonalari hamda fermer xo‘jaliklarining ulushi katta bo‘lmoqda. Ular tomonidan shartnoma asosida yetkazib berilayotgan sifatli mahsulotlar qish dasturxoni uchun munosib tadorikdir. Qiziltepa tumanidagi “Usta Qodir” fermer xo‘jaligi 9 gektar yerda dehqonchilik qiladi. Bog‘dorchilikka ixtisoslashgan xo‘jalik sabzavotchilikdan ham mo‘l hosil olmoqda.
– Aholi dasturxoni to‘kinligi va qishda ham sarxil mevalar uzluksizligini ta’minlash maqsadida 2012-yilda 250 tonna meva saqlashga mo‘ljallangan sovutkich keltirib o‘rnatdik, – deydi fermer xo‘jaligi raisi Amin O‘roqov. – Bunda Xalq banki Qiziltepa tumani filialidan olingan 150 million so‘mlik kredit mablag‘i qo‘l keldi. Joriy yilda 150 tonna olma va 60 tonna uzum maxsus sovutkichda saqlanmoqda.