Qirg‘izistonlik olimlar O‘zbekistonda
Shu kunlarda qo‘shni Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalarining bir guruh mutasaddilari mamlakatimizdagi Oliy ta’lim dargohlari ish faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.
Kuni kecha Bishkek shahridagi Xalqaro innovatsion texnologiyalar universiteti Doktorantura oliy maktabi direktori, professor A.Arzybayev hamda Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universiteti prezidenti, professor J.Arynbayev yetakchiligidagi bir guruh qirg‘izistonlik olimlar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.


O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor R.Matkarimov bilan uchrashuv davomida professor qirg‘izistonlik olimlar O‘zbekistonda sport ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuqori baho berib, hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganini e’tirof etdi.

Shuningdek, o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish, ilmiy konferensiya va anjumanlarni hamkorlikda tashkil etish, doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, qirg‘izistonlik yoshlarning O‘zbekistondagi jismoniy tarbiya va sport ta’lim muassasalarida o‘qishini yo‘lga qo‘yish kabi bir qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA