Qirg‘iziston kasaba uyushmalari vakillari Farg‘onada bo‘ldi
FOTOREPORTAJ
Joriy yil 4-5 may kunlari Qirg‘iziston kasaba uyushmalari Federatsiyasining O‘sh va Jalolobod viloyatlari Kengashlari vakillari Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.
- O‘zbekiston Prezidentining yaqin qo‘shnichilik borasida olib borayotgan ishlari natijasida biz hozir shu yerdamiz. Ikki mamlakat rahbarining siyosiy irodasi tufayli qadimdan qardosh ikki xalq o‘rtasidagi asriy do‘stlik rishtalari yana tiklandi. Kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlik esa hamkasblarimiz bilan o‘zaro tajriba almashishda qo‘l kelmoqda. Bugun Farg‘ona viloyatida bo‘lib, o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p ekanini angladik. Hamkasblarimizning taqdimotlari bilan tanishib, kasaba uyushmalari sohasida O‘zbekiston yetakchi o‘rinlarda ekaniga amin bo‘ldim, – deydi Qirg‘iziston kasaba uyushmalari Federatsiyasining O‘sh viloyati Kengashi raisi To‘lqin Tojiyev.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, o‘zaro hamkorlik doirasida o‘tgan yili Qirg‘izistonning Qadamjoy tumanidan 54 nafar o‘g‘il-qiz Farg‘ona tumanidagi “Tong” bolalar oromgohida dam oldi. 30 nafar qirg‘izistonlik nuroniy “Chimyon” sihatgohida salomatligini tikladi. Bu yo‘nalishdagi ishlar joriy yilda ham davom etishi aytib o‘tildi. Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari “Avto oyna” korxonasi hamda “Chimyon” sihatgohida bo‘lib, ishchi-xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar, texnik xavfsizlik borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdilar.
[gallery-11732]
Tashrif yakunida tomonlar o‘rtasida xodimlarning ijtimoiy va mehnat huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida tajriba almashishdan iborat kelishuv bitimi imzolandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA