Qirgʻizistonda dollar qimmatladi
10-mart kuni Qirgʻizistonda dollar kursi birdaniga oshdi. Qirgʻiziston banklari saytlaridagi maʼlumotlarga qaraganda, Amerika valyutasi taxminan uch somga, yoki 4 foizga qimmatladi.
10-mart kuni Qirgʻizistonda dollar kursi birdaniga oshdi. Qirgʻiziston banklari saytlaridagi maʼlumotlarga qaraganda, Amerika valyutasi taxminan uch somga, yoki 4 foizga qimmatladi.
DemirBank saytida dollar sotib olinishi – 72,85 som, sotilishi – 72,95 som ekani koʻrsatilgan. KICB saytida esa dollar sotib olish – 72,90 som, sotish – 73 som deya belgilangan. Ertalab dollar oʻrtacha 69,85 somdan xarid qilindi va 69,95 somdan sotildi.
Som Rossiya rubli va Qozogʻiston tengesi ortidan kuchsizlanmoqda – har ikki davlat Qirgʻizistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi hamkorlari hisoblanadi.
Qirgʻiziston milliy banki 10-mart kuni ichki bozorda 53,7 million dollar sotib, valyuta intervensiyasini amalga oshirdi. Milliy bank matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu kurs ayirboshlashda keskin tebranishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida amalga oshirildi.
Milliy bankning ishontirishicha, halqaro zaxiralar yetarlicha boʻlib, “tovarlar import hajmini 5 oyga qadar qoplash imkoniyatiga ega”.
Eslatib oʻtamiz, 9-mart kuni Olmaotadagi valyuta ayirboshlash punktlarida dollar salkam 400 tengedan sotildi. Keyinroq 395 tengegacha tushdi. Seshanba kuni kechqurun Qozogʻiston fond birjasi (KASE)dagi oʻrtacha kurs bir dollar 394 tengeni tashkil qildi, bu 6-mart kungi sessiya berkitilishidagi kursdan 12 tenge koʻpdir.
Qozogʻiston milliy banki seshanba kuni baza stavkasi oshirilishi va koʻrilayotgan choralar valyuta bozorida “beqarorlikka yoʻl qoʻymaslik” maqsadida amalga oshirilayotganini maʼlum qildi. Hukumat bergan bayonotda “inqirozga qarshi harakatlar rejasi”ga tayyorgarlik koʻrish borasida topshiriq berilganidan soʻng barcha ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi taʼkidlanadi.
Seshanba kuni Moskva birjasidagi savdolar rublning qulashi bilan boshlandi. Dollar toʻrt rublga oshdi va 72 rubl 80 tiyinga chiqdi.
Jahon savdo maydonlarida ham quyiga ketish kuzatilmoqda. Dushanba kuni Amerika birjalaridagi savdolar 7 foizga tushib ketishi bilan toʻxtatildi. Birja ochilishi bilan neft narxi salkam 30 foizga tushib ketdi, Rossiya rubli esa 10 foizga arzonladi.
Neft narxining tushib ketishi oʻtgan haftada OPEK va yirik ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi muzokoralarning barbod boʻlishi bilan bogʻliq. Tomonlar koronavirus keng tarqalayotgani bois neft mahsulotlariga talab pasayishi fonida qazib olishni kamaytirish borasida kelisha olmadilar.