Qidiruvdagi ota topilib, aliment puli undirildi
Turmushda uchrab turadigan oddiy, sababsiz janjal va tortishuvlar ota-onalarning ajrashib ketishiga sabab bo‘lib, buning natijasida o‘rtadagi begunoh farzandlar ota mehrisiz o‘sib-ulg‘aymoqda.
Ayrim otalar farzandlarining kelgusi taqdiri haqida umuman o‘ylamaydi. Ularga mehr ko‘rsatish u yoqda tursin, moddiy ta’minlashni xayollariga ham keltirmaydi.
Xususan, Majburiy ijro byurosining Navbahor tuman bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudining 2019 yil 15 maydagi qarzdor T.R.dan undiruvchi M.N. foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud.
Qarzdor 2019 yilning may oyidan buyon aliment summalarini to‘lamasdan kelganligi sababli, majburiy ijro harakatlari olib borilgan.
Biroq qarzdor yashash manzilidan topilmagach, davlat ijrochilari tomonidan 2020 yil 30 dekabr kuni unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Qidiruv harakatlari davomida qarzdor topilib, tushuntirish ishlari olib borilgan.
Natijada qarzdor ota 2019 yilning may oyidan 2021 yilning dekabr oyiga qadar hisoblangan 25 million so‘m aliment to‘lovini to‘liq to‘ladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA