Qidiruvdagi avtotransport vositalari topilmoqda
Qonunga ko‘ra, javobgarlarga qarzdorlikni to‘lashi uchun ixtiyoriy muddat beriladi. Biroq, bunga mas’uliyatsizlik bilan qaraydiganlar yo‘q emas.
Misol uchun, Majburiy ijro byurosining Uychi tumani bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra da’vogar S.A.ga javobgar M.O.va boshqalardan 110 mln.780 ming so‘m qarz undirib berish ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo qarz to‘lanmagan.
Davlat ijrochisi tomonidan tegishli tashkilotlarga javobgarga tegishli mol-mulklar, transport vositalari bor-yo‘qligi yuzasidan so‘rov yuborildi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdor nomida yengil avtotransport borligi aniqlandi.
Harakatlar davomida mazkur transport vositasi xatlanib, hozirda realizatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 104,4 mlrd. so‘mlik 3 ming 113 ta hujjat ko‘rib chiqilgan.
Ijro harakatlarida davomida fuqarolarga 15,4 mlrd. so‘m zarar undirib berilgan.
Shuningdek, boshqarma qidiruv sho‘basi tomonidan olib borilgan tezkor tadbirda joriy yilning 7 oyida 229 nafar aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan qarzdorlarning qidiruvga berilgan 48 ta avtotransport vositalari topilgan. Endilikda ular xatlanib, qarzdorning qarzini to‘lashga yo‘naltiriladi.
Shuhrat Ne’matov, O‘zA