Qidiruv ishlari samarali tashkil etilmoqda
Ayni paytda, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, sud hokimiyatining nufuzi va ta’sirchanligini kuchaytirish maqsadida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosining samaradorligini yanada oshirish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro Byurosi vakolatiga taalluqli ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va surishtiruv, shuningdek, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, Byuroning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv faoliyat natijasida joriy yilning 8 oyida jami 131 nafar jismoniy shaxslar va 87 ta avtotransport vositalari topilib, qarzdorlardan 4,1 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirilgan.
– Jumladan, Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudining 2021 yil 12 iyuldagi qarzdor “Babaqulov Baxtiyor O‘ktamovich” YATT dan undiruvchi Agrobank ATB foydasiga qariyb 1 milliard so‘mlik kredit qarzdorligi hamda davlat boji undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatiga asosan qidiruvga berilgan “Howo Sinotruk” rusumli davlat raqami belgisi 85 Q 197 GA bo‘lgan avtotransport vositasi tezkor qidiruv tadbirlari davomida topilib xatlanishi ta’minlandi, – deydi boshqarmaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Shohruh Uzoqov. – Yana bir misol. JIB Yunusobod tuman sudining 2021 yil 21 iyundagi qarzdor A.Burxanovdan JIB Yunusobod tuman sudi foydasiga 73 million 550 ming so‘mlik jinoiy jarima undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatiga asosan qidiruvga berilgan Nexia 3 rusumli davlat raqami belgisi 85 S 697 GA avtotransport vositasi topilib xatlanishi ta’minlandi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanlararo iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan 30,7 million so‘m miqdoridagi davlat boji xo‘jalik yurituvchi sub’ektdan undirish belgilangan bo‘lsa-da, qarzdor tomonidan qarzdorlik bartaraf qilinmaganidan so‘ng, korxonaga qarashli avtotransport vositasiga qidiruv e’lon qilingan.
Qidiruv faoliyati tezkor va samarali amalga oshirilganligi bois, avtotransport vositasi topilib majburiy ijroga qaratildi va qarzdorlik to‘liq bartaraf qilindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA