Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan aholi xonadonlarida qay darajada foydalanilmoqda?
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ya’ni quyosh, shamol, suv va biomassa kabi tabiiy ravishda qayta tiklanadigan energiya resurslaridan elektr va issiqlik olish atrof-muhit ifloslanishini kamaytiradi, uglerod chiqindilarini pasaytiradi va energiya xavfsizligini oshiradi. Ulardan keng foydalanish elektr energiyasiga bo‘lgan talabni barqaror va ekologik toza usulda qondirishga yordam beradi. Shu maqsadda yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish, aholi xonadonlarida ushbu manbalardan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi Furqatjon Ahmedjonov hamda O‘zbekiston Ekologik harakati Toshkent viloyati bo‘linmasi rahbari Sergey Voropayev boshchiligida Bekobod tumanida tadbirkorlik sub’ektlari va aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish holati o‘rganildi.
Jumladan, “Istiqlol” MFY hududidagi “Street Auto” elektr transport vositalarini quvvatlash stansiyasida o‘rnatilgan 70 kVt quvvatli quyosh panellari faoliyati bilan tanishildi. Mazkur qurilmalar orqali stansiya faoliyati ta’minlanib, ularning 80-85 foiz darajasida o‘zini oqlayotgani qayd etildi.

Shuningdek, “Bo‘ston” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Jahongir Akromov xonadonida o‘rnatilgan 10 kVt quvvatli quyosh panellaridan foydalanish tajribasi o‘rganildi. Ushbu tajriba energiya tejamkor texnologiyalardan samarali foydalanishning amaliy namunasi sifatida baholandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatiga Bekobod tumanida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha jami 284 ta shartnoma tuzilgan. Shundan 160 tasi jismoniy, 124 tasi yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘rganish yakunida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning ijobiy tajribalarini keng targ‘ib qilish hamda ekologik toza texnologiyalarni ommalashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish belgilandi.
M.Komilova, O‘zA