Qaysi mahsulotlar majburiy sertifikatlashdan ozod etiladi?
O‘zbekistonda bozorga chiqarilayotgan ko‘plab mahsulotlar xavfsizligi davlat tomonidan nazorat qilinadi va buning asosiy vositalaridan biri — majburiy sertifikatlash.
Biroq, har bir mahsulot, har qanday holatda ham bunday tekshiruvdan o‘tishi shart emas. Qonunchilikda bir qator istisno holatlar belgilangan bo‘lib, ularda majburiy muvofiqlik baholashi talab etilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-yanvardagi 43-son qaroriga asosan, quyidagi hollarda mahsulotga nisbatan majburiy sertifikatlash tatbiq etilmaydi:
u qayta ishlash maqsadida bojxona hududiga olib kirilayotgan bo‘lsa;
ilgari foydalanilgan bo‘lsa (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim istisnolar mustasno);
ko‘rgazma yoki yarmarkalarda namuna sifatida namoyish etish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa;
sinov, tadqiqot yoxud laboratoriyalararo solishtirma sinovlar o‘tkazish uchun namuna tariqasida kiritilayotgan bo‘lsa;
yoki ilmiy-tadqiqot ishlarida foydalaniladigan bo‘lsa.
Shuningdek, gumanitar yordam yoki xalqaro texnik ko‘mak sifatida, tabiiy ofat va texnogen falokatlar oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan yordam tariqasida, diplomatik vakolatxonalar hamda xalqaro tashkilotlarning rasmiy ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan mahsulotlar ham ushbu talabdan ozod etiladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida sotishga mo‘ljallanmagan, faqat boshqa mahsulot ishlab chiqarishda xom ashyo, material yoki butlovchi qism sifatida ishlatiladigan tovarlar ham majburiy sertifikatlashga tortilmaydi.
Shu o‘rinda bir jihatga alohida e’tibor qaratish lozim: majburiy sertifikatlash talab qilinmasligi mahsulotning barcha majburiy xavfsizlik talablaridan to‘liq ozod etilishi degani emas. Qonunchilik bu borada ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi va sotuvchi zimmasiga alohida javobgarlik yuklaydi — ular sertifikat talab qilinmagan taqdirda ham, mahsulotning belgilangan me’yor va talablarga muvofiqligini ta’minlashi shart.
Demak, bu istisno ro‘yxati faqat ma’muriy tartib-taomilni soddalashtirish, ya’ni ma’lum maqsadlarda (ilmiy, gumanitar, ko‘rgazma va hokazo) mamlakatga kiritilayotgan mahsulotlar uchun byurokratik yukni kamaytirishga qaratilgan, xolos — xavfsizlik mas’uliyati esa har qanday holatda ham saqlanib qoladi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA