Qaysi davlatlar eng ko‘p neft eksport qiladi?
Fakt va raqam
Global siyosiy va iqtisodiy jarayonni to‘liq anglash uchun raqamlar, aniq faktlar juda muhim. “Fakt va raqam” ruknida dunyo siyosati, iqtisodiyoti va geosiyosiy jarayonga ta’sir qilayotgan asosiy tendensiyalar ishonchli xalqaro manba, tahliliy hisobot va statistikaga tayangan holda yoritib boriladi. Maqsad – har bir mavzu bo‘yicha raqamlar ortidagi siyosiy va strategik ma’noni ochib berish, ma’lumotlar yordamida dunyoda kechayotgan muhim voqealarni tahlil qilish.
Neft XXI asrda ham jahon iqtisodiyoti va xalqaro siyosatda hal qiluvchi resurslardan biri bo‘lib qolmoqda. Dunyoda har kuni o‘rtacha 100 million barrelga yaqin neft ishlab chiqariladi va ushbu miqdorning asosiy qismi xalqaro bozorda sotiladi. Shu bois neft eksporti nafaqat iqtisodiy daromad manbai, balki davlatlarning geosiyosiy ta’sirini belgilab beruvchi muhim omil hisoblanadi.
Xalqaro energetika tahliliga ko‘ra, dunyo neft savdosining salmoqli bo‘lagi bir necha davlat ixtiyorida jamlangan. Ya’ni, Saudiya Arabistoni, Rossiya, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari va Kanada jahon neft eksportining yarmidan ortig‘ini ta’minlaydi.
2024-2026-yillar holatida neft eksporti bo‘yicha yetakchi 10 davlat ro‘yxati quyidagicha ko‘rinish oldi (kuniga million barrel hisobida):
1. Saudiya Arabistoni – 6;
2. Rossiya – 4.5;
3. AQSH – 4.1;
4. Kanada – 3.6;
5. Birlashgan Arab Amirliklari – 2.7;
6. Iroq – 2.5;
7. Norvegiya – 1.7;
8. Braziliya – 1.7;
9. Eron – 1.6;
10. Kuvayt – 1.5.
Bu raqamlar neft savdosi bo‘yicha asosiy ta’sir markazi Yaqin Sharq, Shimoliy Amerika va Rossiya atrofida shakllanganini ko‘rsatmoqda.
Neft eksportidagi geosiyosiy kuch
Dunyodagi eng yirik neft eksportchisi hisoblangan Saudiya Arabistonidagi mislsiz zaxira va rivojlangan eksport infratuzilmasi ushbu mamlakatni jahon energiya bozori yetakchisiga aylantirgan. Shu bois mazkur davlat neft siyosatini belgilab beruvchi OPEC tashkilotida ham sezilarli ta’sirga ega.
Rossiya ham neft eksporti orqali xalqaro energiya bozorida muhim o‘rin egallaydi. So‘nggi yillarda sanksiyaga qaramay, neftining asosiy qismi Xitoy va Hindiston kabi Osiyo bozoriga yo‘naltirilmoqda.
AQSH ishlab chiqarish texnologiyasi rivojlanishi, ayniqsa slanets navi inqilobi tufayli so‘nggi o‘n yillikda yirik eksportchi yurtlar qatoriga qo‘shildi. Ayni payt Qo‘shma Shtatlar kuniga 4 million barreldan ziyod neft eksport qilmoqda.
Yaqin Sharq mintaqasi esa umumiy hisobda jahon neft eksportining qariyb 40 foizini ta’minlaydi.
Qiziq faktlar
– Xalqaro savdoning 20 foizi dunyodagi eng muhim energetik transport yo‘llaridan biri sanalgan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali tashiladi.
– Jahon eksportining yarmidan ko‘pi 5 davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
– Asosiy xaridorlar Xitoy, Hindiston va Yevropa davlatlari hisoblanadi.
Neft bozorida yangi tendensiya, yirik eksportchilar raqobati
So‘nggi yillarda jahon neft bozoridagi raqobat sezilarli darajada kuchaydi. Energetika tahlil markazlari qayd etishicha, an’anaviy eksportchilar bilan birga yangi ishlab chiqarish texnologiyasiga ega davlatlar ham global bozorda o‘z ulushini kengaytirmoqda. Ayniqsa, slanets nefti texnologiyasi taraqqiyoti bilan bog‘liq bu jarayon ayrim davlatlarning energiya bozoridagi o‘rnini tubdan o‘zgartirdi.
Masalan, bepoyon neft qumi “Oil sands” zaxirasiga egaligi Kanadaga neft eksporti bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlar qatorida turish imkonini bermoqda. Kanada nefti asosan qo‘shni AQSH bozoriga yo‘naltiriladi. Endilikda mamlakat yangi quvur tizimi va port infratuzilmasi orqali Osiyo bozoriga chiqish ko‘lamini ham kengaytirishga harakat qilmoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari ham eksport infratuzilmasini takomillashtirish orqali bozordagi o‘rnini mustahkamlamoqda. Abu-Dabi milliy neft kompaniyasi – ADNOC yangi konlarni ishga tushirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli sarmoyaviy dasturlarini amalga oshirmoqda. Ayni omil mamlakatni nafaqat mintaqaviy, balki global energiya bozorida ham muhim ishtirokchiga aylantirmoqda.
Lotin Amerikasida Braziliya neft eksporti bo‘yicha jadal o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. Atlantika okeanida joylashgan chuqur suv konlari o‘zlashtirilishi mamlakat neft sanoatini yangi bosqichga olib chiqdi. Braziliya neftining asosiy xaridorlari Osiyo va Yevropa davlatlari hisoblanadi.
Yevropadagi yirik neft eksportyorlaridan biri – Norvegiya ham global energetika bozorida muhim o‘rin egallaydi. Ishlab chiqarishni nisbatan barqaror darajada saqlab turishga erishayotgan ushbu mamlakat energiyadan tushadigan daromadni strategik investitsiya jamg‘armalari orqali boshqarishi bilan ham tanilgan. Norvegiya davlat jamg‘armasi bugungi kunda dunyodagi eng yirik suveren sarmoyaviy fondlaridan biridir.
Iroq va Kuvayt ham neft eksportiga chambarchas bog‘liq iqtisodiyotga ega. Ulkan neft zaxirasi bu mamlakatga xalqaro bozorda muhim eksportchi sifatida ishtirok etish imkonini beradi. Kuvayt esa kichik hududiga qaramasdan, neft eksporti bo‘yicha sayyoramizning yetakchi davlatlari qatoriga kiradi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, neft eksporti hajmi nafaqat iqtisodiyot, balki geosiyosiy vaziyat, transport yo‘li va xalqaro kelishuv singari omillarga ham bog‘liq. Masalan, strategik dengiz bo‘g‘ozlari – Hurmuz, Malakka yoki Suvaysh kanali orqali tashiladigan xom ashyo global energetika xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Demak, jahon neft bozoridagi har qanday o‘zgarish – ishlab chiqarish miqdori, eksport siyosati yoki narx ko‘tarilib-tushishi butun dunyo iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatadi. Energiyaga talab ortib borayotgan hozirgi sharoitda eksportchi davlatlar global iqtisodiy va siyosiy jarayonda hamon muhim o‘rin egallab kelmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA