"Qaynona" spektakli tomoshabinlarga manzur bo‘ldi
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida Ozarbayjon dramaturgi Majit Shamxalov asari asosidagi "Qaynona" spektakli muxlislar e’tiboriga havola etildi.
Spektakl taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori Azim Mullaxonov ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda milliy teatrlarimizda Ozarbayjon dramaturglarining asarlari asosida yangi-yangi sahna asarlari yuzaga kelmoqda.

"Qaynona" filmi garchi ko‘plab tomoshabinlarga tanish bo‘lsa-da, uning sahnaviy varianti o‘zgacha jozibador va qiziqarli ekani bilan ahamiyatlidir.


Yuvvosh kelinini chiqishtirmagan Jannat xola, qaynonasini qayta "tarbiyalamoqchi" bo‘lgan Ofatning g‘alati xatti-harakatlari... Voqea tafsilotlarining bari yumorga yo‘g‘rilgan bo‘lsa-da, baribir "oila", "milliy qadriyatlar", "kattalarga hurmat" degan tushunchalar ustuvor bo‘lib qolaveradi.
N.Usmonova, O‘zA