Qassobning “ustomonligi” fosh etildi
Bugungi kunda mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, ayniqsa, aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash va ularning mablag‘larini noqonuniy xarajatlardan asrash eng ustuvor vazifalardan biridir.
Shu bois xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi munosabatlar har doim qonun ustuvorligi tamoyiliga asoslanishi shart. Yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida istiqomat qiluvchi, II guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Muhabbat Hojiyeva ana shunday huquqbuzarlik holatiga duch keldi va tegishli tashkilotga murojaat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro M. Hojiyeva go‘sht do‘koni peshtaxtasidagi narxnomada go‘shtning bir kilogrammi 120 ming so‘m deb yozib qo‘yilganini ko‘radi. Biroq ichkariga kirib go‘sht xarid qilganida, qassob mahsulotning har bir kilogrammini 130 ming so‘mdan hisoblab bergan. Peshtaxtadagi va tarozidagi narx o‘rtasidagi farqni ko‘rgan ayol sotuvchining bu harakatiga o‘z e’tirozini bildirgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, sotuvchi mahsulotni xaridorga aynan peshtaxtada ko‘rsatilgan narxda sotishga majbur, chunki u yerdagi narx rasmiy oferta — shartnoma tuzish taklifi hisoblanadi. Shu bois, undagi raqamlarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish qonunga mutlaqo ziddir. Ushbu murojaat Ellikqal’a tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan tezkorlik bilan o‘rganib chiqildi. Qassobga uning harakatlari noqonuniy ekanligi tushuntirilib, iste’molchi Muhabbat Hojiyevadan ortiqcha olingan mablag‘ joyida egasiga qaytarib olib berildi.
Bu holat har bir iste’molchi o‘z huquqlarini yaxshi bilishi va talab qila olishi kerakligini yana bir bor isbotladi. Zero, aholini, ayniqsa, ko‘makka muhtoj fuqarolarni nohaqlikdan himoya qilish nafaqat qonuniy majburiyat, balki oliy insoniy burchdir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri