Qashqadaryolik shifokorlar bilan muloqot
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining Qashqadaryoga tashrifi doirasida Qarshi shahrida viloyat sog‘liqni saqlash tizimida aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish hamda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan sohaga oid eng muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda
Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov va parlamentning bir guruh deputatlari, sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ravshan To‘lakov hamda shahar va tuman tibbiyot birlashmalari, davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari ishtirok etishdi.
Unda ta’kidlanganidek, hududlardagi ko‘pgina hokimlar va ularning o‘rinbosarlari daladagi ekin qachon ekildi, qachon sug‘orildi, qachon va qancha o‘g‘it berildi – besh barmoqday yaxshi bilishi mumkin, biroq ko‘pgina hollarda mamlakatimizning eng asosiy boyligi bo‘lgan xalq salomatligi bilan yetarli darajada qiziqishmaydi. Bu borada joylardagi deputatlar faolligini ham oshirish, ularning salohiyatidan unumli foydalanish zarurligiga e’tibor qaratildi.
– Bir necha kundan beri viloyatning qator tumanlarida Prezidentimiz farmon va qarorlari ijrosi, xususan, tibbiy xatlov yakunlarini o‘rganish jarayonida amin bo‘ldikki, tizimda mas’uliyatni oshirish borasida hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p, – deydi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov. – Tibbiy xatlov bo‘yicha har bir raqamning ortida insonlar taqdiri, ularning kelajagi turibdi. Shu asosda xavf guruhlari ajratilayapti, hududlarning salomatlik profillari yaratilayapti. Mavjud muammolar tahlil qilinayapti. Jarayonni amalga oshirish uchun zarur barcha resurslar ajratib berildi. Shu sababli, bu boradagi statistikaning real bo‘lishi uchun har birimiz jon kuydirib, harakat qilishimiz zarur.
Ayniqsa, vazirlik buyrug‘i bilan hududlarga biriktirilgan poytaxtlik yuqori ilmiy salohiyatli mutaxassislarning bu boradagi o‘rni sezilishi zarur. Ular olti oy davomida shu hudud uchun mas’ul, joylarda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik jihatdan rivojlantirishni hokimlardan talab qilib, nafaqat davolashda, tashkiliy ishlarda ham faollik, shaxsiy namuna ko‘rsatib ishlashlari zarur.
Yig‘ilishda parlament vakillari tomonidan mutasaddilarning joylarda tegishli vazifalar ijrosidagi muammolar va ularning yechimi yuzasidan takliflari tinglanib, muhokama qilindi.
Masalan, qayd etilishicha, barcha tibbiyot muassasalari to‘liq optik tolali internet tarmog‘i, zamonaviy AKT uskunalari bilan ta’minlanishi zarur. Shunda tizimni raqamlashtirish, xususan, xatlov natijalarini elektron bazaga kiritish, hududlarning salomatlik profillarini yaratish, elektron poliklinika va telemeditsinani rivojlantirish imkoniyatlari yaratiladi.
Tegishli me’yorlarga asosan 13 000 aholiga bitta tez tibbiy yordam shaxobchasi xizmat ko‘rsatishi belgilangan. Ammo bu me’yor shahar uchun ham, aholi tarqoq joylashgan uzoq tog‘ yoki cho‘l qishloqlari uchun ham bir xil. Bunday hududlar uchun alohida me’yorlar belgilanishi zarur.
Shuningdek, yig‘ilishda tizim mutasaddilari tomonidan tibbiyot muassasalarida xo‘jalik hisobida topiladigan mablag‘larga solinadigan soliq yukini kamaytirish, davlat xaridlari tizimini maqbullashtirish, tibbiy uskunalar yetishmaydigan hududlarda shartnoma asosida xususiy sektor imkoniyatlaridan foydalanish, viloyatlarda filiallari bo‘lmagan ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining hududlardagi vakillari uchun yetarlicha sharoitlar yaratish singari bir qator takliflar muhokama qilindi. Hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
O‘zA