Qashqadaryoda “quyoshli xonadon”lar soni ortmoqda
Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 apreldan boshlab, “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellari o‘rnatgan jismoniy shaxslarga, ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 1 000 so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan edi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida ham ko‘plab fuqarolar ushbu imkoniyatdan foydalanib, o‘z xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatmoqda. Masalan, tumandagi Alaqo‘yliq mahallasida yashovchi Sherzod Rahimov o‘z uyiga 35 kVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatdi. Natijada, u nafaqat o‘z xonadonini elektr energiyasi bilan ta’minlamoqda, balki ortiqcha energiyani davlat tarmoqlariga sotib, qo‘shimcha daromad olmoqda. Ushbu daromad oila byudjetini oshirib, kelgusida qo‘shimcha panellar o‘rnatishni rejalashtirmoqda.



E’tiborli jihati, hududda bu kabi ishbilarmon, islohotlarni to‘g‘ri anglab, imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan fuqarolar soni kun sayin ortmoqda. Ayni vaqtga qadar mahallada aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘rnatilgan quyosh panellarining umumiy quvvati 200 kVt ga yetdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri