Qashqadaryoda Navro‘z sayillari davom etmoqda
Butun borliqda bahor nafasi kezib yurgan ayni chog‘larda hududlarda Navro‘z umumxalq bayrami tantanalari hamon davom etmoqda.
Mana shunday ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan Navro‘z sayli Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida joylashgan “Dehqonobod kaliy zavodi”da ham bo‘lib o‘tdi.
Erta tongdan mehmonlarga qadimiy an’analarga xos milliylik bilan bezatilgan o‘tovlar, sumalak sayli, milliy liboslar ko‘rgazmasi, baxshilar aytishuvi, ota-boblarimizdan bizgacha saqlanib kelayotgan laparlar aytish tanlovi kabi ajoyib chiqishlar namoyish etildi. Doshqozonlarda damlangan osh tarqatildi.

Bayram munosabati bilan jamiyatda faoliyat yuritayotgan
8 nafar ehtiyojmand oila, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz onalarning farzandlarini sunnat to‘ylari o‘tkazib berildi. To‘y bolalarga zar choponlar kiygizilib, sovg‘alar taqdim etildi.

Milliy kurash, mini futbol, stol tennisi, voleybol, arqon tortish, shaxmat-shashka, tosh ko‘tarish kabi musobaqalarning tashkil etilgani barchada katta taassurot qoldirdi. Bellashuvlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida “Dehqonobod kaliy zavodi”da bugungi kunda 2 mingdan ortiq ishchi-hodim faoliyat olib bormoqda. Mazkur sanoat korxonasi Markaziy Osiyoda yagona kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi korxona sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Ko‘rsatkichlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2020 yilda pandemiya holati bo‘lishiga qaramasdan, 1 213 ming tonna silvinit rudasi qazib olinib, 294 ming tonna xalqaro talablarga javob beradigan kaliy xlorid mineral o‘g‘iti ishlab chiqarildi va mahsulotning 235 ming tonnasi 10 dan ziyod xorijiy mamlakatlarga eksport qilindi.
O‘.Barotov,
O‘zA