Qashqadaryoda “Media haftalik” tadbirlariga start berildi
Qashqadaryoda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi va Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida “Media haftalik” tadbirlariga start berildi.
Haftalik doirasida malakali ekspertlar tomonidan zamonaviy media olamining dolzarb yo‘nalishlari, amaliy bilimlar va tajriba almashuviga boy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Haftalikning birinchi kunida guruhlarga bo‘lingan holda trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda.
Masalan, Ekspert Eldar Asanov tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekiston bosma mediadagi kontent: amaliyot, muammo va yechim” mavzusidagi trening qizg‘in muhokama va bahslarga boy bo‘ldi.
Unda bosma va internet jurnalistikasining afzallik tomonlari, kamchiliklari, mavzu va janrlar xilma-xilligi, media bozorida tutgan o‘rni va hokazolar haqida fikrlashildi.
[gallery-28867]
– Media haftalikning birinchi kuni men uchun taassurotlarga boy o‘tdi, – deydi “Ishonch” gazetasining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha muxbiri Bahodir Halimov. – Ekspert Eldar Asanov bosma va onlayn ommaviy axborot vositalarining farqi, ularning bir-biridan o‘rganishi kerak bo‘lgan jihatlari haqida to‘xtaldi. Fikr-mulohazalarda kimdir onlayn jurnalistikani ustuvor deb bilsa, boshqa hamkasblarimiz orasida bosma OAVning afzal jihatlari ko‘pligini aytganlar ham bo‘ldi. Xulosa qilib aytganda, OAV zamonga moslashishi, transformatsiya jarayonlariga o‘tishi, Konvergensiyalashishi lozimligini davrning o‘zi taqozo etmoqda. Bu borada bizning tahririyatda allaqachon ishlar boshlab yuborilgan va onlayn OAV bilan bosma nashr o‘zaro uyg‘un tarzda faoliyat olib boryapti. Bundan ko‘rinadiki, nashrlarni bosma yoki onlaynga ajratishning o‘zi xatodir.
Ikkinchi guruhda ekspert Umida Olimova tomonidan “Prezident faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritishning asosiy yo‘nalishlari. Tahliliy reportaj tayyorlash ko‘nikmalari” mavzusida tashkil etilgan trening mashg‘ulotlari atrofida hududiy telekanallarning yangiliklar tayyorlovchi muxbirlari jam bo‘ldi.
– Axborot maydonidagi tezkorlik, ijtimoiy tarmoqlar ta’sirining ortishi hamda sun’iy intellektning jadal rivojlanishi bugungi media sohasi vakillaridan mutlaqo yangicha fikrlash va ishlash uslubini talab etayotgani har lahzada ko‘zga tashlanmoqda, – deydi “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturi muxbiri Shavkat Aminov. – Ayniqsa, tasdiqlanmagan xabarlar oqimining kuchayishi, tahliliy manbalarning salmog‘i pasayib borayotgani soha vakillari zimmasiga kattagina mas’uliyat yuklayotgani ham bor gap. Ayni paytda butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan media haftaliklar ushbu jarayonda yirik ta’limiy va amaliy qadamlardan biriga aylanmoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Bugun start olgan haftalikning viloyatdagi ilk kuni ham media fikrlashni qayta shakllantiruvchi, kasbiy dunyoqarashni kengaytiruvchi haqiqiy tajriba maktabiga aylandi.
Ma’lumot o‘rnida, “Media haftalik” 24-aprelga qadar davom etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari