Qashqadaryoda kartoshka yetishtirish bo‘yicha yirik loyiha amalga oshirilmoqda
Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va sifatli urug‘lik kartoshka yetishtirishga qaratilgan yirik loyihaning navbatdagi bosqichi boshlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Viloyat hokimi Murotjon Azimov, mas’ul rahbarlar hamda mehnat faxriylari ishtirokida tumanning Turkmaniston bilan chegaradosh hududidagi 400 gektar maydonga Gollandiyadan keltirilgan yuqori sifatli, elita navli kartoshka urug‘larini ekish ishlariga start berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur tashabbus mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ichki bozorni sifatli kartoshka mahsulotlari va urug‘lik bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish orqali hosildorlikni oshirish va qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish ko‘zda tutilgan.

Shu kuni loyihani amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan bir guruh soha xodimlari viloyat hokimligi tomonidan taqdirlandi. Ularga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Hududda ishlarni tashkil etish jarayoni ham ko‘zdan kechirildi. Xususan, Avstriyaning “BAUER” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy aylanma yomg‘irlatib sug‘orish tizimlaridan 6 tasi ishga tushirilgan. Loyiha yakuniga qadar bunday tizimlar sonini 16 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, suvni nasoslar orqali yetkazib berish uchun zarur quvurlar tortilgan, 50 ming kub metr sig‘imga ega suv saqlash inshooti barpo etilgan. Yer maydonlarini ekishga tayyorlash va elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda hududda 2 ming 600 gektar yer maydoni o‘zlashtirilgan. Kartoshka yetishtirish loyihasining umumiy qiymati 30 milliard so‘mni tashkil etadi. Uning natijasida 10 ming tonna urug‘lik kartoshka zaxirasini yaratish mo‘ljallanmoqda.

Loyiha doirasida muzlatkichli omborlar barpo etish, chorvachilik fermasini tashkil qilish kabi yo‘nalishlarda ham ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. E’tiborlisi, tashabbus natijasida 500 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilib, hudud aholisining bandligi va daromadlarini oshirishga ham xizmat qiladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari, sifatli urug‘lik va ilg‘or agrotexnik yondashuvlarni uyg‘unlashtirish ushbu hududda kartoshka yetishtirish samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Ma’lumot o‘rnida: 2022-yilda viloyatning Shahrisabz tumanidagi G‘elon, Ko‘l, Sarchashma, Sayyod hamda Hisorak mahallalarida ishsiz aholi bandligini ta’minlash maqsadida uzoq tog‘li hududdagi Tamshush daryosidan qariyb 13 kilometr masofaga suv olib kelinib, 3 ming gektardan ortiq lalmi yerlar o‘zlashtirilgan va kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan edi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri