Qashqadaryoda jayronlar qo‘lga o‘rgatilmoqda
Jayronlar tekis yoki past- baland cho‘llar, yarimcho‘l va qir- adirlar, cho‘llashgan tog‘oldi hududlarida asosan shag‘alli, sertuproq yerlarda yashashni afzal ko‘radi. Qishda esa o‘nqir- cho‘nqir relefli joylarda, yassi tekislik daralarida va chuqurliklardan panoh topadi. Insoniyatning tabiatga tajovuzi va tinimsiz ovlangani bois bugun ushbu beg‘ubor hayvonlar qirilib ketish arafasida. Shu bois jayronlar O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Bugungi kunda ular faqatgina maxsus pitomnik va qo‘riqxonalardagina saqlanib qolgan.
Tabiatan juda harakatchan, tezkor, bir deganda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladigan jayronlarning qo‘lga o‘rgatilganini ko‘rganimisiz? Qashqadaryo viloyati o‘rmon xo‘jaligining Mirishkor tumanidagi Jeynov bo‘limida jayronlar qo‘lga o‘rgatilib, ko‘paytirilayotgani haqidagi xabar rosti bizni ham qiziqtirib qo‘ydi.
Manzil sari borar ekanmiz, avvaliga biyday cho‘l o‘rab turgan hududda qalin o‘rmonzor borligiga, tag‘in u yerda jayronlar boqilayotganiga shubha qildik. Ammo yetib borganimizda shubhadan asar ham qolmadi. Insonning qo‘li gul ekaniga amin bo‘ldik. Qo‘l kuchi bilan yillar davomida yaratilgan bu o‘rmonzor qariyb 125 gektar maydonni egallagan.
Bu yerda o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi tashkil etilgandan buyon mehnat qilib kelayotgan Mo‘qimboy Olloberdiyevning xizmatlari beqiyos.
[gallery-20188]
– Qashqadaryo o‘rmon xo‘jaligiga qarashli Jeynov bo‘limi Mirishkor tumanida joylashgan. Hozirgi kunda 596 gektar yer maydoni bo‘lib, shundan 210 gektar yer sug‘oriladigan maydon, 11 gektari ko‘chatxona. Qolgan yerlar o‘rmon bilan qoplangan. Hozirgi kunda tut, qayrag‘och, yasin, safora, archa kabi 24 xil ko‘chat turlarini yetishtiryapmiz, – deydi Muqimboy Olloberdiyev. – Shu xo‘jalikda ishlayotganimga 32 yil bo‘ldi. Shu yillar davomida qo‘l kuchi bilan ekkanmiz bu daraxtlarni. Bugungi kunga kelib mo‘’jazgina o‘rmonzorga aylandi.
Muqimboy aka tabiat shaydosi, fidoyisi, o‘zi boshchilik qilib yaratilgan o‘rmonning hayvonot dunyosini ham tiklashni orzu qiladi. O‘rmon degani o‘zining yovvoyi hayvonlari, turli xil qushlari va boshqa jonivorlari bilan to‘kis bo‘ladi, deydi u. Shu bois aynan shu yerda yovvoyi tabiat va insonlar o‘rtasida bog‘langan mehr rishtasini butun borligicha his qilish mumkin. Aksariyat hollarda oynai jahondagina ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan hayvon va parrandalar shundoq atrofingizda. Avvaliga begonasirab turgan jayronlar sal turib yemak ilinjida yonimizga kelib qo‘limizga tumshuq tutadi.
– Hayvonlarga qiziqishim bolalikdan, – deydi M.Olloberdiyev. – Bundan yetti yil oldin o‘rmonning 50 sotix joyini o‘rab, ikki bosh jayronni keltirdik. Sababi biz yashab turgan hududdagi saksovul va changalzorlarda bir paytlar boshqa hayvonlar kabi jayronlar ham yashagan. Shuning uchun bu yerning tabiati ularga begona emas. Yaxshi moslashdi. Ozuqasini qo‘lda berganimiz bois odamga o‘rganib ham qoldi. O‘tgan vaqt mobaynida ularning soni 12 boshga yetdi. Bu yil yana 5 boshi tug‘ishi kerak. Ko‘paysa, ularning soni 24-25 boshga yetadi. Endilikda ularga kattaroq joy qilib, sharoitlarini to‘g‘rilashimiz kerak. Jayronlarni boqish biz uchun ham yangilik bo‘lgani uchun 7 yil davomida uning yashash tarzi, moslashuvchanligi va boshqa-boshqa xususiyatlarini o‘rgandik. Izlanishlarimiz zoye ketmadi. Ular sekin-asta ko‘paya boshladi.
Jayronlarni yaxshi bilgan mutaxassislarning aytishicha, yangi tug‘ilgan jayron bolasi ko‘pi bilan yarim soatda oyoqqa turib onasini emadi va shu daqiqadan boshlab u quvib yetib bo‘lmaydigan darajada tez chopa oladi. Tanasining uzunligi o‘rtacha 94 sm. dan 115 sm. gacha bo‘lib, bo‘yi 60 sm. dan 65 sm.gachani tashkil qiladi, og‘irligi esa taxminan 25 kg. dan 30 kg. gacha bo‘ladi. Urg‘ochisi shoxsiz. Erkagining shoxi qora, yo‘g‘on va bo‘g‘imli, uzunligi 40 sm. gacha bo‘ladi. Ko‘pchilik jayronlar och jigar rangda bo‘lishadi. Pastki tomoni esa har doim oq rangda bo‘ladi. Yuzidagi qashqasi esa hali balog‘atga yetmagan hayvonlarda aniq ko‘rinadi. Jayronlar quruqlikdagi eng tezkor yuguruvchi hayvonlar sirasiga kiradi. Ular biror bir yirtqich hayvondan qochayotgan payti soatiga 70 km tezlikka erisha olishi mumkin.
– Bu yer cho‘l hudud bo‘lishiga qaramay yovvoyi tabiatning bir parchasini yaratishga harakat qilyapmiz, – deydi Mirishkor tuman davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbari Fazliddin Toshev. – Yo‘qolib ketayotgan o‘rmonlar, uning hayvonot dunyosi hamma uchun qiziq va maroqli. Bunda turizmni rivojlantirish maqsadlari ham ko‘zda tutilgan. Bu yerga tashrif buyuruvchi mehmonlar yovvoyi hayvonlarni tomosha qilib, maroqli hordik chiqarishadi.
Mo‘’jazgina “pitomnikda” nafaqat jayronlar, balki sesarka, qirg‘ovul, kaklik kabi qushlarni ham ko‘rish mumkin. Ular ham parvarishlanmoqda.
– Alohida o‘zimizning quyonchiligimiz, asalarichiligimiz, ko‘rkachiligimiz ham bor, – deydi M.Olloberdiyev. – Ular boshqa joyda. Maxsus issiqqxona qurib, turli xil gul ko‘chatlari ham yetishtiryapmiz. Xo‘jalikda 16 nafar xodim ishlaydi. Hozir ayni urug‘larni yig‘ish mavsumi. Gul va manzarali daraxtlar urug‘lari terib olinib, ekish uchun tayyorlanadi.
Ozroq ichkarilasangiz, sizni qalin daraxtzor qarshi oladi. Sarg‘aygan yaproqlar kuzning oltin tarovatini yanada fayzli qilib, qalbingiz xotirjam tortganini sezganday bo‘lasiz. Ortga qaytarkanmiz, bu yerda o‘tkazgan qisqa fursatlarda butun vujudimiz tabiat bilan uyg‘unlashib ketganini his qildik. Ushbu so‘lim go‘shani bejizga “cho‘l javohiri” deyishmasligini yana bir bor anglab yetdik.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/24qNiPQLh48?si=FyJbAMlE0ozbK6om" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov, (surat),
O‘zA muxbirlari