Qashqadaryoda ixtisoslashtirilgan maktablar soni ortmoqda
Ta’limga qaratilgan e’tibor kun kelib o‘z samarasini beradi. Shu bois mamlakatimizda ta’lim sohasida bir qator qonun hujjatlari sohaga izchil tatbiq etilmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishga yagona yondashuvni shakllantirish, ushbu maktablar tarmog‘ini kengaytirish, ta’lim jarayoniga malakali rahbar va pedagog kadrlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish vazifalari belgilab berildi. Ta’kidlash joizki, shu kunchaga Qashqadaryo viloyatida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida ikkita maktab mavjud edi, ya’ni Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi va Qarshi shahridagi Prezident maktabi. Endi esa ularning soni yanada ortmoqda.
- Farmonga asosan Respublikamiz bo‘yicha jami 168 ta, shundan Qashqadaryo viloyatida 2022-2023 o‘quv yilida 2 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internati va 10 ta ixtisoslashtirilgan maktab ochilmoqda, - deydi Prezident ta’lim muassasalari agentligining Qashqadaryo viloyat hududiy bo‘limi rahbari Ubaydulla Oripov. – Bundan tashqari 2023 yil 1 iyunga qadar Qamashi tumanidagi “Mehribonlik uyi” Qamashi tuman ixtisoslashtirilgan maktabiga aylantirilishi mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, 2022-2024 yillarda viloyatda yana 2 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internati qurilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, 2023 yilda Qarshi shahrida qurilishi ko‘zda tutilgan, loyihaviy quvvati 504 o‘rinli yangi ixtisoslashtirilgan maktab-internati Investitsiya dasturiga kiritilgan. Viloyatda yangi ochilayotgan 12 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida faoliyat yuritish istagini bildirgan pedagoglar tomonidan “jop.piima.uz” sayti orqali 2 ming 114 ta ariza onlayn qabul qilingan bo‘lib, ular 3 bosqichli – hujjatlar qabuli, test va imtihon jarayonlaridan o‘tdi. Mazkur bosqichlarda eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan pedagog-xodimlar yangi ochilayotgan 12 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida ishga tavsiya etildi.
Ayni kunlarda yuqorida aytib o‘tilgan hududlardagi ixtisoslashtirilgan maktablar birin-ketin faoliyat boshlamoqda. Xususan, Kasbi tumanidagi 11-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktabga aylantirilgani hududdagi iqtidorli o‘quvchilar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Zamon talablari asosida kapital ta’mirlangan bilim dargohida o‘quvchilarning fanlarni chuqur uzlashtirishi va chet tillarini mukammal o‘rganishlari uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Bilim dargohida ishlash istagidagi o‘qituvchilar 3 bosqichli tanlov asosida saralab olindi.
- Prezident ta’lim muassasalarida o‘qishni doim orzu qilganman, - deydi tumanning Komilon mahallasilik 8-sinf o‘quvchisi Feruza Gulmurodova. – Nihoyat orzuyimga yetdim. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, aniq fanlar yo‘nalishiga qabul qilindim. Kelajakda moliya vaziri bo‘lishni maqsad qilganman. Bu yerda biz, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlardan mamnunmiz. Yurtboshimizning biz kabi yoshlarga bildirgan ishonchlarini albatta oqlaymiz.
[gallery-8673]
Ta’kidlash lozimki, ixtisoslashtirilgan maktabga kirish uchun 5-sinfdan 11- sinfgacha bo‘lgan 2 ming 400 nafar o‘quvchi hujjat topshirib, test sinovlarida ishtirok etdi. Ularning 432 nafari ushbu maktabda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Aniq va tabiiy fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan maktabda har jihatdan raqobatbardosh, keng dunyoqarash va mustaqil fikrga ega yoshlarni tarbiyalash uchun o‘ziga xos ta’lim muhiti yaratildi. Zamonaviy bino, o‘quv jihozlari, ko‘rgazmali vositalar, fizika, kimyo fanlari uchun laboratoriyalar o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun yo‘naltirilgan.
Shu kuni viloyatning Yakkabog‘ tumanida ham Prezident ta’lim muassasalari agentligi tassurifidagi ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat boshladi.
Ushbu bilim dargohi ham zamonaviy andozalar asosida qayta ta’mirlanib, sinfxonalar 12 nafardan 24 nafargacha bo‘lgan o‘quvchiga moslashtirib, jihozlandi. Test sinovlari orqali 2 ming 652 talabgordan 432 nafar iqtidorli o‘quvchi tanlab olindi. Aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabga 32 nafar tajribali o‘qituvchi tanlov asosida ishga qabul qilindi.
- Ikki nafar farzandim sinovlardan ijobiy natijalarni qo‘lga kiritib shu maktabga qabul qilindi, - deydi Muxlisa Qurbonova. - Bugun farzandlarimiz ta’lim oladigan dargohda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib juda quvondik. Ota-ona uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Ular ertaga mamlakatimiz kelajagi uchun astoydil xizmat qiladigan yetuk kadrlar bo‘lib yetishadi, deb umid qilamiz.
Aytish joizki, ixtisoslashgan maktablar o‘quvchilari to‘liq dasrliklar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari ushbu bilim dargohlarida sun’iy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IT sohalari bo‘yicha qo‘shimcha kurslar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, o‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqib, asosiy o‘quv dasturlari bilan birgalikda sinfdan tashqari kasbga yo‘naltirilgan amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi.
Ma’lumot o‘rnida, bugunga qadar Qashqadaryo viloyatidagi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tassurifidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning 5 tasi ochildi va tantanali ochilish marosimlarida Agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari Dilshod Kenjayev ishtirok etmoqda.
Maktablarning tantanali ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etyapti.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA