Qashqadaryoda 4-marta pilla yetishtiriladi
Qashqadaryo viloyati pillakorlari joriy yilda 36 ming 364 quti ipak qurti urugʻlarini parvarishlab, 20 ming tonna “kumush tola” yetishtirishni maqsad qilgan.
Qashqadaryo viloyati pillakorlari joriy yilda 36 ming 364 quti ipak qurti urugʻlarini parvarishlab, 20 ming tonna “kumush tola” yetishtirishni maqsad qilgan. Mirishkor tumanidagi Toshkent massivi kasanachi va fermerlari bu ishga birinchilardan boʻlib kirishdi.
Bu yil Mirishkorda bir ming toʻqson quti ipak qurti urugʻlari boqilib, undan 60 tonnadan ortiq pilla olish rejalashtirilgan. Buning uchun mavsum oldidan mavjud 396 gektar tut plantatsiyalarini butlash ishlari amalga oshirildi. 32 gektardan ortiq maydonda yangi plantatsiya tashkil qilindi. Fermer xoʻjaliklari va kasanachilar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalari imzolandi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, mazkur shartnomalar, ayniqsa, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bandligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Chunki ularning bir oylik faoliyati uchun bir yillik mehnat staji yoziladi. Qolaversa, bunday kasanachilarga bir gektargacha tut plantatsiyasi oilaviy pudrat asosida beriladi. Tut oralariga ekilgan poliz va sabzavot mahsulotlaridan olinadigan foyda ham ularning oʻzlarida qoladi.
Toshkent massivida 132 nafar fermer va 22 nafar kasanachiga ipak qurti urugʻlari peshma-pesh tarqatilib, pillakorlar parvarishga kirishdi.
– Joriy yilda tumanimizda 6 ming 870 kilogramm pilla xomashyosini yetishtirishni moʻljallaganmiz, – deydi agronom Galoviddin Muhiddinov. – Buning uchun barcha pilla boquvchilar bilan shartnomalarni imzolaganmiz va yetarlicha shart-sharoit yaratilmoqda. Tut plantatsiyalari samaradorligining oshirilayotgani bu maqsadimizni amalga oshirish uchun imkon yaratmoqda.
Maʼlumot oʻrnida aytganda, oʻtgan yillarda viloyatda ipak qurti bir yilda 3 mavsum davomida parvarishlanayotgandi. Joriy yilda pillakorlar 4 mavsum pilla yetishtirishni rejalashtirgan. Shu maqsadda 9 ming 712 ta fermer xoʻjaligi hamda 20 ming 976 nafar kasanachi bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzildi. 224 gektar maydondagi yangi tut plantatsiyalariga 2 million 970 ming dona tut koʻchatlari oʻtqazildi. Shuningdek, mavjud tut plantatsiyalarining 1 ming 584 gektari rekonstruksiya qilindi.