Qashqadaryo xabarlari –qisqa satrlarda
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Parayengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida T11 klassida uzunlikka sakrash bellashuvlarida 5,24 metr natija qayd etgan holda biroz avval o‘zi o‘rnatgan Paralimpiya o‘yinlari rekordini yangilab, oltin medalga sazovor bo‘lgan Asila Mirzayorova xonadonida bo‘ldi.
Paralimpiya o‘yinlari g‘olibining oila a’zolari va yaqinlari bilan muloqot qilinib, muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan sport sohasiga qaratilgan e’tibor o‘z natijasini berib, bugungi kunda yurtimiz bayrog‘i dunyo arenalarida baland ko‘tarilib, barchani quvontirayotgani ta’kidlandi.
***
Shu kunlarda yurtimiz, xususan, Qashqadaryo viloyatida ham davlatimiz mustaqilligining 33 yilligi shodiyonalari kezib yurgan bir paytda to‘yga to‘yona bilan deganlaridek, tuman (shahar)larimizda ishlab chiqarish korxonalari va ijtimoiy ob’ektlarning foydalanishga topshirilishi hamda dillarni quvontiradigan diqqatga molik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, bugun viloyat hokimligida Prezidentimiz g‘amxo‘rligi va e’tiborlari tufayli 20 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan uy-joyga muhtoj qashqadaryolik yoshlarga “Prezident sovg‘asi”, ya’ni xonadon kalitlari viloyat hokimi Murotjon Azimov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Uy kalitlari topshirilar ekan, viloyat hokimi so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining bu kabi g‘amxo‘rliklari va e’tiborlari tufayli yoshlarimizning ko‘p yillik orzulari ushalayotganini ta’kidlab, berilayotgan uylarda barcha sharoitlar (jihozlari bilan) yaratilganini aytib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 1 iyun kunida ham 24 nafar chin yetim qashqadaryolik yoshga ana shunday xonadonlar kalitlari topshirilgan edi.
***
Mustaqillikning 33 yilligi munosabati bilan shahrimizda ko‘plab yangi ijtimoiy soha ob’ektlari va turarjoylar foydalanishga topshirilmoqda.

Jumladan, bugun Qarshi shahrida 200 o‘rinli “Avitsenna bolalar maktabi” ochildi. Maktab boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 1-4-sinflarni qamrab oladi.
Maktabning ochilishida shahar hokimligi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, shahar bo‘limi mas’ullari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri