Qashqadaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Bir guruh ishbilarmonlardan iborat Pokiston davlati delegatsiyasini qabul qilgan viloyat hokimi bugungi savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo va boshqa tarmoqlarda hamkorlik har ikki tomon uchun ham samara berishini bildirdi.


Shuningdek, viloyat hokimi Pokiston delegatsiyasiga vohamizning salohiyati haqida axborot berib, ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.
***
Qashqadaryoda 136 nafar ehtiyojmand talaba xotin-qizga oliy o‘quv yurtida o‘qish uchun shartnoma pullari to‘lab beriladi.
Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov tomonidan ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning oliy ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida muhim qaror qabul qilindi. Ushbu qarorga ko‘ra, 136 nafar talabaning oliy o‘quv yurtlarida o‘qishi uchun to‘lov shartnomalarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi.
Bu qaror ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yoshlar uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Ko‘plab talaba qizlar moliyaviy qiyinchiliklar sababli oliy ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin edi, lekin viloyat hokimining bu tashabbusi ularning kelajakda yuqori malakali mutaxassis bo‘lishi uchun yo‘l ochadi.
Mazkur qarorda viloyat mahalliy byudjetining 2024 yil zaxira mablag‘lari hisobidan 136 nafar talaba qizlarning to‘lov shartnoma so‘mmasini to‘lab berish bilan bog‘liq xarajatlar uchun viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasiga 698 million 185 ming so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘rsatilgan.
***
Kitob tumanida IT va xorijiy tillarga ixtisoslashgan “Iqtidor school” nomli ta’lim maskani ochildi.

O‘tgan yili davlat xususiy sherikchilik asosida kitoblik taniqli IT mutaxassisi, hozirgi kunda o‘zining mazkur yo‘nalishda nufuzli kompaniyasiga ega bo‘lgan Alisher Tojiyev tomonidan “Iqtidor IT-akademiyasi” tashkil etilgan edi va qisqa muddat ichida mazkur loyiha o‘zining sezilarli samarasini bergandi.
Mazkur ezgu ishlar davomi sifatida tadbirkor tomonidan “Iqtidor school” nomi ostida 1-4 sinfga mo‘ljallangan nodavlat ta’lim maskani ochildi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi bayrami arafasida xushxabar bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ma’lumot o‘rnida: 100 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur xususiy maktabda IT va bir nechta xorijiy tillar mukammal o‘qitiladi. Dars mashg‘ulotlari rivojlangan davlatlarning o‘quv metodlari va tajribalari asosida tashkil qilingan o‘quv uslublaridan foydalaniladi. Bundan tashqari, o‘quvchilar uchun dam olish xonalari, zamonaviy kutubxona kabi bir qator qulayliklar yaratilgan bo‘lib, bu yerda ta’lim oluvchilarga 3 mahal taom, maktab formasi beriladi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri