Qashqadaryo sabog‘i – zavod, dala va auditoriya bir zanjirda
Prezident tashrifidan so‘ng...
Joriy yilning 21-oktabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi hududda sanoat, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalaridagi o‘zgarishlar o‘zaro uzviy bog‘liq ekanini yaqqol namoyon etdi. Bir tomondan to‘qimachilik fabrikasi, traktor yig‘ish korxonasi, meva-sabzavot quritish zavodi hamda paxta dalalaridagi ishlar ko‘zdan kechirilib, 69 ta yangi loyiha ishga tushirildi, yana 92 tasining qurilishiga start berildi. Ikkinchi tomondan esa “Kasblar shaharchasi”, mahalla maktabi va maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan tanishildi. Bu kabi keng ko‘lamli islohotlarning barchasi yagona zanjirning ajralmas halqalaridir.
Bu bog‘liqlikning iqtisodiy mohiyati shundaki, investitsiya texnologiyani olib keladi, texnologiya esa uni boshqara oladigan malakali insonni talab qiladi. Inson kapitali bo‘lmasa, eng zamonaviy uskuna ham to‘liq quvvat bilan ishlamaydi. Tashrifning eng muhim xulosasi aynan shu.
Hududga jalb etilgan mablag‘lar iqtisodiy yangilanishning miqyosini ko‘rsatadi. So‘nggi besh yilda Qashqadaryo viloyatiga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 7 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi. Shu davrda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad uch baravar oshdi.
Investitsiyaning natijasi esa faqat ajratilgan mablag‘ miqdori bilan o‘lchanmaydi. Ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarni baholashda faqat umumiy summaga emas, ularning ichki tuzilishiga ham e’tibor berish muhim. Buning uchun iqtisodiyotda keng qo‘llaniladigan, jumladan, bitta ish o‘rniga to‘g‘ri keladigan investitsiya miqdorini va loyihalarning eksport imkoniyatlarini tahlil qilish mumkin.
Misol uchun “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi “Sulton Tex Group” klasterining 54 million dollarlik mato ishlab chiqarish va bo‘yash fabrikasida yiliga 20 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratilib, 840 ta ish o‘rni tashkil etilgan. Bunday qo‘shimcha qiymatli loyihada har bir ish o‘rniga taxminan 64 ming dollardan to‘g‘ri keladi. Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida yana 14 ta to‘qimachilik loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda 18 ming ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
To‘qimachilik sanoatida xalqaro brendlar bilan hamkorlik ham kengaymoqda. Italiyaning “Cotonella” brendi yiliga 8,5 million dona trikotaj mahsuloti ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
Mashinasozlik yo‘nalishida esa Qarshidagi “FM World” korxonasida 20 million dollar to‘liq xorijiy investitsiya hisobiga 200 ta ish o‘rni yaratilgan, ya’ni har bir ish o‘rni uchun 100 ming dollar demakdir. “Nasaf” brendi ostida yig‘ilayotgan traktorlar GPS, avtopilot, o‘g‘itlashni boshqarish va masofadan nazorat qilish tizimlari bilan jihozlangan. Hozir mahalliylashtirish darajasi 30 foizni tashkil etadi, korxonaning o‘zida 138 turdagi detal va butlovchi qism ishlab chiqarilmoqda.
Natijalarni kuzatsak, viloyatda iqtisodiy tarmoqlar va sohalar innovatsion rivojlanayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Sanoatdagi texnologik yangilanish oziq-ovqatni qayta ishlash tarmog‘ida ham ko‘zga tashlanadi. Amerikalik hamkorlar bilan tashkil etilgan “Wosune Food Ingredients Karshi” korxonasida 150 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonining 30 foizi robotlashtirilgan. Korxonada sabzi, qalampir, oshqovoq, olma va ko‘katlar quritilib, oziq-ovqat va kosmetika ishlab chiqaruvchilari uchun ingrediyentga aylantiriladi. Bozorda mavsum oxirida arzonlab ketadigan mahsulot shu tarzda yuqori qo‘shilgan qiymatli eksport tovariga aylanadi.
Qayta ishlash bilan bir qatorda, xomashyo yetishtirishning samaradorligi ham muhim. Davlatimiz rahbari tashrif davomida G‘uzor tumanidagi “Qashqadaryo Jingu” korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan daladagi ishlar bilan tanishdi. 2,2 ming gektarda chigit plyonka ostiga qo‘sh qator qilib ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy etilgan. Natijada suv sarfi 30–40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi, hosildorlik an’anaviy usuldagi 30–35 sentner o‘rniga gektariga 55 sentnerni tashkil etmoqda.
Agroklaster Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Unda 50 ta ish o‘rni yaratilgan, eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi. Bu yerda loyihaning asosiy iqtisodiy samarasi bevosita ish o‘rinlarida emas, balki ilgari foydalanilmagan cho‘l yerlarning muomalaga kiritilishi, hosildorlikning oshishi va suvni tejaydigan texnologiyaning vohaga kirib kelishida namoyon bo‘ladi.
Yangi korxonalar va agrotexnologiyalar uchun barqaror energiya ta’minoti ham zarur. Energetika sohasida ham texnologik yangilanish davom etmoqda. Oqsuv daryosida 24 megavatt quvvatli uchta gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi, Kitob, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarida 58 megavatt quvvatli to‘qqizta mikroGES barpo etiladi, Qarshi tumanida esa 150 million dollarlik chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zavod qurilmoqda.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi va energetikadagi loyihalar texnologiyaga talab ortayotganini ko‘rsatmoqda. Bu jarayonda investitsiya samaradorligini baholash ham muhim. Ayrim loyihalar misolida bir ish o‘rniga to‘g‘ri keladigan investitsiya miqdori sezilarli farq qiladi. Biroq bu ko‘rsatkichni tarmoqlar samaradorligini baholashning yagona mezoni sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Zamonaviy real sektor tobora ko‘proq kapital va texnologiyaga tayanmoqda. Bunday korxonalarda ish o‘rni soni kamroq, lekin har bir xodimdan talab etiladigan malaka ancha yuqori. Robot, dron, GPS bilan boshqariladigan traktor, tomchilatib sug‘orish va quyosh stansiyasi ortida malakali operator, muhandis, agronom va iqtisodchi turishi shart. Aynan shu bois ishlab chiqarishni rivojlantirish ta’lim sifati bilan bevosita bog‘liq.
Texnologiyalarni boshqaradigan zamonaviy mutaxassislarni tayyorlashda ishlab chiqarish korxonalari va kasbiy ta’lim muassasalarining yaqin hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbarining Qashqadaryoga tashrifi doirasida Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va uning tarkibidagi “Kasblar shaharchasi” faoliyati bilan tanishgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. Boisi, texnikumda o‘rgatilayotgan kasblar va tashrif davomida ko‘zdan kechirilgan korxonalarning real ehtiyojlari o‘rtasida mustahkam zanjir yaratilgan. Xususan, robototexnika yo‘nalishi “Robototexnika Wosune” korxonasidagi robotlashtirilgan liniyalarga, dronlarni boshqarish kursi esa Shinjon usulidagi dalalarda qo‘llanilayotgan agrodronlarga mos keladi. Shuningdek, agronomiya va zootexnika yo‘nalishlari “Nasaf” traktorlari va chorvachilik loyihalari uchun, “yashil energetika” yo‘nalishi quyosh panellari va gidroelektr stansiyalari uchun, tikuvchilik esa 18 ming ish o‘rni yaratiladigan yangi to‘qimachilik loyihalari uchun malakali kadrlar yetkazib berishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari viloyatda investitsiya loyihalari ko‘paygani sari yangi mutaxassislarga talab ortayotganini, texnikum o‘z salohiyatidan to‘liq foydalanib, o‘quv dasturlarini ish beruvchilar talablariga moslashtirishi va yoshlarni yangi korxonalarga tayyorlashi kerakligini ta’kidladi.
Malakali mutaxassis tayyorlash maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limdan boshlanadi. Qamashi tumanidagi Chim mahallasida ta’limning ilk bo‘g‘ini – 240 o‘rinli bog‘cha va 640 o‘rinli maktab, mahalla va yoshlar markazlari barpo etilgani ko‘rsatildi. Bu yerda ilgari har 100 nafar yoshdan 9 nafari oliy ta’limda tahsil olgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 45 nafarga yetdi. Yoshlar kutubxonasiga tashrif buyurganida esa odamlar yana kitobga qaytayotganini, til va milliy o‘zlikka hurmat ortayotganini qayd etdi.
Maktab va texnikumda beriladigan bilimlarni ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uzviy bog‘lashda oliy ta’lim tizimi muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Bugungi kunda tizimning ustuvor vazifasi faqatgina qamrovni kengaytirish emas, balki ta’lim sifatini oshirish va mehnat bozori talablariga to‘liq moslikni ta’minlashdan iborat. Har bir bitiruvchi real sektor talab qilayotgan amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi shart. Qashqadaryo tajribasi bu borada oliy ta’lim muassasalari oldiga bir qator aniq vazifalarni qo‘ymoqda. Hozirda loyiha samaradorligini, ya’ni bitta ish o‘rni bahosi, investitsiyaning qoplanish muddati va eksport salohiyatini aniq hisoblay oladigan iqtisodchi hamda loyiha menejerlariga talab juda yuqori. Shuningdek, mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich 30 foizdan oshirish uchun yetkazib berish zanjiri va sanoat kooperatsiyasini tahlil qila oladigan mutaxassislar hamda kooperativ va fermer xo‘jaliklarini samarali boshqaradigan agrobiznes menejerlariga katta ehtiyoj mavjud.
Bugungi kunda suv va energiyani tejashning iqtisodiy samaradorligini moliyaviy ko‘rsatkichlarda aniq o‘lchay oladigan “yashil iqtisodiyot” mutaxassislariga ehtiyoj tobora ortmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbarining tashrifi davomida taqdim etilgan loyihalarni o‘quv jarayoni uchun tayyor amaliy keys sifatida joriy etish maqsadga muvofiq. Bunda talabalarning amaliyoti va bitiruv malakaviy ishlarini erkin iqtisodiy zona korxonalari bilan dual ta’lim tizimi asosida uzviy bog‘lash lozim. Bundan tashqari, qurilishi boshlangan 92 ta yangi loyihaning samaradorligi va natijadorligini universitet olimlari tomonidan mustaqil ilmiy monitoring qilish tizimini yo‘lga qo‘yish zarur.
Shu bilan birga, kasbiy ta’lim bitiruvchilarining keyinchalik oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini davom ettirishi uchun ochiq va qulay imkoniyatlar yaratish ham muhim ahamiyatga ega. Zero, zamonaviy sanoat va agrotexnologiyalar taraqqiyotining negizida, eng avvalo, ilg‘or bilim hamda amaliy ko‘nikmalar mujassam. Xulosa qilib aytganda, zavod, dala va auditoriya yagona zanjirga birlashtirilsa, qiymati 6 milliard dollardan ziyod bo‘lgan istiqbolli loyihalar voha aholisi uchun barqaror ish o‘rinlari va daromadlar manbaiga, yoshlar uchun esa porloq kelajak va yangi imkoniyatlar eshigiga aylanadi.
Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori.
O‘zA