Qarzdorning mulki xatlovdan o‘tkazildi
Buxoro viloyati Kogon tumanida yashovchi Gulbodom Sharipova mikrokredit tashkilotidan notarial tartibda mikroqarz shartnomasi asosida 11 million so‘m mikroqarz olgan.
Natijada qarzdor mikroqarz sifatida olingan pul mablag‘i va foizlarini o‘z vaqtida qaytarmasdan mikroqarz shartnomasi bo‘yicha majburiyatini bajarmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq notarius orqali pul olish, mulkni qaytarish yoki berish bilan bog‘liq notarial tasdiqlangan bitim shartlari bajarilmagan taqdirda, qarzni so‘zsiz undirish to‘g‘risida ijro xati chiqarishi va ijrosini ta’minlash uchun Majburiy ijro byurosi organlariga yuborishi mumkin.
– O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” gi qonunining 5-moddasiga asosan notariusning ijro xatlari Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan ijro etildi, – deydi MIB Buxoro viloyati boshqarmasi qidiruv bo‘yicha inspektori Akbar Latipov. – Qarzdor G.Sharipovadan jami 15,2 million so‘m qarz undirish to‘g‘risidagi notariusning ijro xati Majburiy ijro byurosi Kogon tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushdi va ijro harakatlariga kirishildi.
Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor G.Sharipova nomida “Cobalt” rusumli avtoulov mavjudligi aniqlanib, qidiruv e’lon qilindi va qidiruvga ko‘ra avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirildi. Hozirda qayd etilgan avtomashina baholanib, “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA