Qarzdorning avtomashinasi Toshkentdan topildi
Majburiy ijro byurosi Buxoro viloyati Buxoro tumani bo‘limi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2021 yil 17 iyundagi “SHoxijahon SH.J.B” xususiy korxonasidan undiruvchi AT «Xalq banki» Gala Osiyo filiali foydasiga 829,3 million so‘m kredit qarz va 33,1 million so‘m davlat bojini undirish to‘g‘risida ijro hujjati kelib tushgan.
– Qarzdor qarzdorlikni belgilangan muddatda ixtiyoriy to‘lab berishi haqida ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, to‘lamasdan keldi, – deydi MIB Buxoro viloyati boshqarmasi qidiruv sho‘’basi inspektori Jahongir Boboqulov.
– Davlat ijrochisi tomonidan xususiy korxonaga tegishli “Sinotruk HOWO” yuk avtomashinasi mavjudligi aniqlanib, avtomashinaga nisbatan qidiruv e’lon qilindi. Qidiruv tadbirlari natijasida “Sinotruk HOWO” yuk avtomashinasi Toshkent viloyatidan topilib, xatlandi va jarima maydonchasiga joylashtirildi. Endilikda yuk avtomashinasi baholanib, “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarilmoqda. Sotuvdan tushgan pullar qarzdorlikni qoplashga qaratiladi.
Zarif Komilov, O‘zA