Qarzdor ota 47,1 million so‘m aliment pullarini to‘ladi
Majburiy ijro byurosi Buxoro shahar bo‘limi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2010 yil 14 apreldagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor fuqaro M.Mdan undiruvchi fuqaro D.Dj foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy taminoti uchun aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati kelib tushgan.
Davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlari davomida qarzdor fuqaro M.Mga O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risida Nizom” talablari tushuntirildi.
Qonun mazmun-mohiyatini tushunib yetgan qarzdor fuqaro M.M ijro hujjati bo‘yicha aliment undiruvchi fuqaro D.Dj.ga farzandi 18 yoshga to‘lgunga qadar 47,1 million so‘m aliment pullarini to‘lab berdi.
Davlat ijrochisi tomonidan qarzdor fuqaro M.Mga belgilangan barcha cheklovlar bekor qilinib, aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari amalda tamomlandi.
Zarif Komilov, O‘zA