Qarzdor ota 15 sutkaga qamaldi
Otalik mas’uliyatini unutib, aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan otalarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo choralari qo‘llanilmoqda.
Misol uchun, Byuroning Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani bo‘limi ish yurituvida Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudining 2016 yil 18 iyundagi ijro varaqasiga asosan qarzdor F.Umarovdan undiruvchi G.Jalilova foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun qarzdorning ish haqi va boshqa daromadlarining 1/4 qism miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud.
Ijro hujjatida aliment to‘lovlari belgilangan tartibda va oyma-oy to‘lov qilinishi belgilangan. Biroq qarzdor turli baholar bilan aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Ijro hujjati talablarini bajarmagan qarzdor otaning aliment to‘lovlaridan bo‘lgan qarzi qayta hisob-kitob qilinganda 2022 yil 1 noyabr holatida qariyb 60 million so‘mni tashkil qilgan.
Qarzdor ota aliment to‘lovlarini to‘lashdan bosh tortganligi sababli davlat ijrochisi tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudiga yuborilgan.
Sud tomonidan qarzdor otaga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Qarzdor otaning aybi, o‘z aybiga iqrorlik va qilmishidan pushaymon bo‘lib bergan ko‘rsatuvidan tashqari, tushuntirish xatlari, ma’muriy bayonnoma va ishda to‘plangan boshqa yozma dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
Sud qarori bilan qarzdor ota O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Natijada unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi va jazoni o‘tash uchun maxsus muassasaga joylashtirildi.
Zarif Komilov,
O‘zA