Qarz to‘lanmasa, mashina sotiladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudining 2024 yil 26 iyundagi ijro varaqasiga ko‘ra, qarzdor A.Botirovdan undiruvchi “DAVR BANK” XATB Olmazor filiali foydasiga 411.474.154 so‘m kredit qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati MIBning Shofirkon tuman bo‘limi ish yurituviga 2024 yil 5 iyulda kelib tushgan hamda shu kuni ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishilgan.
Qarzdorga ijro hujjati mazmun-mohiyati tushuntirilib, bartaraf etish uchun ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsada, ijro hujjati talabalari bajarilmagan.
Shundan so‘ng majburiy ijro harakatlariga kirishilib, “MIB portal” dasturi yordamida qarzdor nomida bo‘lgan barcha mol-mulklarga taqiq qo‘yilgan hamda qarzdorga tegishli bo‘lgan 2023 yilda ishlab chiqarilgan “KIA SPORTAGE” rusumli avtotransport vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Olib borilgan qidiruv harakatlari natijasida qidiruvdagi avtomashina tuman hududida topilib, tegishli tartibda vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Qarzdorlik belgilangan muddatda bartaraf qilinmagan taqdirda avtomashina sotish uchun auksion savdolariga chiqarilishi haqida qarzdor rasman ogohlantirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri